O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev Shahrisabzda zamonaviy ip-yigiruv korxonasi bilan tanishdi
2020-11-12 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12 noyabr kuni Qashqadaryoga keldi.
Davlat rahbari viloyatga safarini Shahrisabz shahridagi Oqsaroy Vortex mas’uliyati cheklangan jamiyatda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda Oqsaroy Group kompaniyasi tarkibiga kiruvchi Shahrisabz Textile va Oqsaroy Textile korxonalari tashkil etilgan bo‘lib, ularda umumiy qiymati 54 million dollar bo‘lgan 3 ta loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, 1 ming 610 ta ish o‘rni yaratish, yiliga 22 million dollarlik mahsulot eksport qilish belgilangan edi.
Birinchi bosqichda 2016-yili Oqsaroy Textile korxonasida qiymati 21 million dollar bo‘lgan loyiha ishga tushirilgandi. Uning doirasida yiliga 9 ming tonna kalava ip, 4 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarilmoqda.
Korxona 2019-yilda 6 million dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 8 million dollarni tashkil etdi.
Ikkinchi bosqichda Shahrisabz Textile korxonasida kalava ip, sun’iy toladan kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarish loyihasi joriy yilning oktyabr oyida ishga tushirildi. Loyiha qiymati – 15 million dollar, yiliga 3 ming tonna kalava ip, 5,5 ming tonna sun’iy tolali ip, 3,5 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eksport hajmi yiliga 7 million dollarni tashkil etadi.
Uchinchi bosqichda Shahrisabz Textile korxonasida kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 18 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha natijasida yiliga 7 ming tonna kalava ip, 2,1 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqariladi.
Kelasi yil ishga tushadigan loyiha natijasida 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Uning an’anaviy ip-yigiruv korxonalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning Murata kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologiyasi o‘rnatilgan. Ushbu texnologiyaning afzalligi kalava ip to‘qilayotganda tola markazlashgan havo bosimi orqali o‘tkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayadi, sifati ortadi.
Davlatimiz rahbari kalava ip va tayyor mato namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Shu yerning o‘zida paxta tolasini qayta ishlash darajasini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti