O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya mutaxassislari ekologiya sohasida hamkorlik qiladi
2020-11-11 | Ekologiya
Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi ko‘magida Buyuk Britaniya bilan ilmiy hamkorlik doirasida O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Ekseter universiteti huzuridagi Suv tizimlarini o‘rganish markazi (CWS) vakillari o‘rtasida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn-muloqotning bosh mavzusi ushbu tuzilmalarning qo‘shma ilmiy loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashish bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Atrof-muhit va ekologik texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Zafar Rahimov, Xalqaro hamkorlik va loyihalar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Talipov, Barqaror rivojlanish bo‘yicha davlatlararo komissiyaning Ilmiy axborot markazi rahbari Bahodir Po‘latov, Buyuk Britaniya tomonidan Ekseter universiteti huzuridagi Suv tizimlarini o‘rganish markazining hamraisi Slobodan Jorjevich va CWS global ishlanmalari direktori Akbar Javadi ishtirok etdi.
Suhbatdoshlarga O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida maʼlumot berildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va ilmiy-tadqiqot instituti vakillari O‘zbekistonda ekologiya sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosini o‘rganish, sanoat chiqindilarini boshqarish, suv resurslari, atrof-muhit monitoringi va sohaga innovatsion yechimlarni kiritish to‘g‘risida axborot taqdim etdi.
CWS vakillari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutining xalqaro ko‘lamdagi aloqalariga yuqori baho beri. Institut xalqaro shartnomalarga, jumladan, BMTning Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyasi, Suvli-bоtqoqli hududlar to‘g‘risidagi Ramsar konvensiyasi, Yovvoyi hayvonot dunyosi va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya va boshqa hujjatlarga qo‘shilganini eʼtirof etdi.
Buyuk Britaniya vakillari O‘zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini barqaror boshqarish, toshqin xavfini boshqarish (shahar drenaji, kanalizatsiya, tezkor boshqarish, shahar toshqinlarini modellashtirish), shahar chiqindi suvlari (real vaqtda modellashtirish va monitoring qilish), suv taqsimoti (modellashtirish, monitoring), yer osti suvlarini modellashtirish (oqim, ifloslanish va issiqlik effektlari, dengiz suvlarining kirib borishi), suv sifatini boshqarish (ifloslantiruvchi moddalarni tozalash) kompleks tizimlarini o‘rganish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar chog‘ida respublikada suv resurslarini boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vaziyatni baholash uchun koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat normallashganidan keyin CWS vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari yo‘nalishlarini rivojlantirish va xalqaro tuzilmalar tomonidan moliyalashtirish uchun tegishli arizalarni tayyorlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Britaniya tadqiqot instituti bilan universitetning talabalar almashinuvi dasturi va Buyuk Britaniya universiteti tomonidan tashkil etiladigan xalqaro ilmiy konferensiyalar doirasida o‘zbek olimlarining CWS tadqiqot loyihalarida ishtirok etishini tashkil etish, ilmiy onlayn-seminarlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi