O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qora-Boltada «O‘zbek tili izohli lug‘ati» kitobining taqdimoti o‘tkazildi
2020-11-10 | Madaniyat
Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Qirg‘izistondagi o‘zbek hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, o‘zbek tilining chet eldagi nufuzini yanada oshirish borasida tizimli ishlari olib borilmoqda. Ushbu yo‘nalishda kecha Qirg‘iziston Respublikasi Chuy viloyati Qora-Bolta shahrida besh jildli «O‘zbek tili izohli lug‘ati» kitobining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirning bosh tashkilotchisi – Qirg‘iziston o‘zbek milliy madaniyati markazi bo‘ldi.
Taqdimotda O‘zbekiston elchisi Xurshid Mirzohidov boshchiligida diplomatik vakolatxona vakillari, Qirg‘iziston o‘zbek milliy madaniyati markazi Qora-Bolta bo‘limi faollari, shuningdek, viloyat davlat va jamoat arboblari, o‘qituvchi hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda «O‘zbek tili izohli lug‘ati» kitobini nashr etish va o‘zbek tili nufuzini xorijda oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Taqdimotdan so‘ng muxbirimiz ishtirokchilarning fikrlari bilan qiziqdi.
Abdurahim Umarov, Qirg‘iziston o‘zbek milliy madaniyati markazi Qora-Bolta bo‘limi raisi:
— Yangi tahrirdagi besh jildli kitobning Qirg‘izistondagi ilk taqdimot marosimi aynan Chuy viloyati Jayil tumanida o‘tkazilayotgani biz uchun faxrli voqelikdir. «O‘zbek tili izohli lug‘ati» to‘plami markaz kutubxonasidan munosib joy egallab, ko‘plab o‘zbek tili ishtiyoqmandlariga uzoq yillar xizmat qildi. O‘zbekistonda 2021 yil buyuk mutafakkir shoir, davlat arbrbi Alisher Navoiyning hayoti va boy ijodiga bag‘ishlanayotgani haqidagi xabar Qirg‘izistonda ham katta qiziqish bilan qabul qilinmoqda. Alisher Navoiyning 580 yilligi nafaqat Qora-Bolta shahrida, balki butun Chuy viloyatida istiqomat qilayotgan o‘zbek hamjamiyati tomonidan keng nishonlanadi. Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganish va ushbu sana bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishda elchixonaga har tomonlama ko‘mak berishga tayyormiz.
Karim Zokirov, Qora-Bolta shahri faxriysi, O‘zbek milliy madaniyat markazi faoli:
— O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorlik aloqalari keyingi to‘rt yilda yuqori bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat Markaziy Osiyo xalqlari va qo‘shni respublikalarda katta qiziqish bilan kuzatib borilmoqda.
O‘zbekistonning Chuy viloyatidagi mavjud ko‘plab bo‘sh turgan ishlab-chiqarish bazalari, zavod va fabrikalar binolari bo‘yicha sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma korxona va boshqa shakldagi loyihalarda ishtirok etishi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning keskin o‘sishiga xizmat qiladi.
Bugungi taqdimot esa Qirg‘izistonda yashayotgan o‘zbeklar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. «O‘zbek tili izohli lug‘ati» kitobi tilimizning nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman. Kezi kelganda aytish kerakki, o‘zbek tilining nufuzi va o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha biz katta avlod vakillari yoshlarga har tomonlama o‘rnak bo‘lishga harakat qilayapmiz.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi