O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2020-11-09 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 9-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazirining o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid al-Nahayyon bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi sheriklikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
 
Energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar ijobiy baholandi. Shu bilan birga, tomonlar qishloq xo‘jaligi, telekommunikasiyalar, sog‘liqni saqlash, turizm, qurilish materiallari ishlab chiqarish va moliyaviy xizmatlar sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
 
Shuningdek, tomonlar amalga oshirilayotgan loyiha va tashabbuslarni joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgiladilar va har bir yo‘nalish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik qilish algoritmlarini kelishib oldilar.
 
"Abu-Dhabi Uzbek Investment" O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi faoliyati hamda uni, xususan, O‘zbekiston tijorat banklari orqali kompaniya tomonidan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturini moliyalashtirish hajmlarini oshirish evaziga kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
 
Tomonlar O‘zbekistonda davlat aktivlari va davlat ulushiga ega korxonalarni xususiylashtirish, jumladan, tijorat banklarini xususiylashtirishga investitsiya kiritish dasturida ishtirok etish maqsadida Amirliklar investorlarini jalb qilish uchun ulkan salohiyat mavjudligini e'tirof etdilar.
 
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va uni keyinchalik BAAda sotish bo‘yicha loyihalarni birgalikda ishlab chiqish tashabbusi yuzasidan kelishib olindi, buning uchun standartlashtirish va sertifikatlash, laboratoriyalar va logistika quvvatlaridan iborat tegishli infratuzilmani yaratish borasida amaliy tadbirlar belgilandi.
 
Bundan tashqari, Amirliklar tomoni energetika, bank ishi, qishloq xo‘jaligi va tog‘-konchilik sohalarida qo‘shma investitsiyaviy loyihalariga ustuvorlik berishni taklif qildi.
 
Uchrashuv yakunida yangi yo‘nalishlarda aniq loyihalar ustida puxta ishlash uchun alohida qo‘shma ishchi guruhlar tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться