Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari va Respublikada eksport faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
I. Joriy yilning 7-8 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat va O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini jalb etgan holda viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirish va tadbirkorlar va eksportchilarga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shu yilning mart oyida Xorazm viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlar hamda joriy yilning avgust oyida Hukumat komissiyasining hududga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishini o‘rganish bo‘yicha ishlarni olib bordi.
Tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ko‘rilayotgan samarali chora-tadbirlar tufayli u yoki bu sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan, ishlab chiqarish va eksport hajmini kamaytirgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan 86ta sanoat korxonasining muammoli masalalari hal etilganligi aniqlandi.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligi tahlil qilindi - joriy yilning 1-noyabr holatiga 2,5 trln so‘mlik 1105ta investitsiyaviy loyihalari amalga oshirilib, 5000dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zmilliybank” va “Asakabank” tijorat banklari tomonidan tashkil etilgan “Khorezm Invest Project” investitsiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaviy takliflari o‘rganib chiqilib, ularning amaliy ijrosini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Viloyatda 18ta ilmiy-sanoat klasterlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqning amalga oshirilishi o‘rganildi. Klasterlarning ishga tushirilishi yiliga 68,8 mln dollar miqdorida eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni ta'minlash, byudjetga tushumlarni yiliga 83,1 milliard so‘mga oshirish, shuningdek, 1250 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar qayd etilib, ushbu klasterlarning o‘z vaqtida ishga tushirilishini ta'minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Viloyatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 91ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish orqali mahalliylashtirish sur'atlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi. Ob'ektlarni ishga tushirish natijasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 1,8 trln so‘mga ko‘paytirishga erishiladi.
“Xazorasp” erkin iqtisodiy zonasi va viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 6ta kichik sanoat zonalar faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar alohida tartibda ko‘rib chiqildi. Ayni paytda ushbu zonalarda umumiy qiymati 370 mlrd so‘mlik 56ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 2020-2021 yillar mobaynida umumiy qiymati 3,3 trln so‘mlik 93ta loyiha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganligi qayd etildi. Ushbu zonalarni zarur muhandislik infratuzilmasi va kommunikasiyalar bilan ta'minlash borasida tegishli chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish davomida 2021-yilda yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga urg‘u bergan holda Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida manzilli dasturni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
II. Shuningdek, olib borilgan ish jarayonida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, tijorat banklari hamda viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar ijro hokimiyati organlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya shaklida eksport faoliyatining bugungi holati ko‘rib chiqildi va joriy yil natijalari bo‘yicha maksimal ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida eksportning jadal o‘sishini ta'minlash bo‘yicha birinchi darajali vazifalar muhokama qilindi.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun mas'ul rahbarlar eksport faoliyatini kuchaytirish maqsadida barcha mavjud resurslarni safarbar etish, qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash uchun bor kuchlarini jamlash, shuningdek, tadbirkorlardan kelayotgan barcha so‘rovlarga zudlik bilan javob berish va aniqlanayotgan muammolarni samarali hal qilish uchun korxonalarga chiqish orqali eksportchilar bilan bevosita ishlashga alohida e'tibor berishlari zarurligi ta'kidlandi.
Videokonferensiya davomida tarmoq va hududlar kesimida joriy eksport ko‘rsatkichlari va tizimli muammolar to‘g‘risida hisobotlar taqdim etildi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar berildi.
Mas'ul rahbarlarga aniq eksport qiluvchi korxonalar, ishlab chiqarilayotgan va ortilayotgan, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar assortimenti va hajmini shuningdek, aniqlangan masalalarni hal etish bo‘yicha choralarni ko‘rsatgan holda eksport hajmini oshirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish topshirildi.
Eksport qiluvchi korxonalarni gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, ilgari to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini tezlashtirilgan tartibda qaytarishda samarali yordam ko‘rsatish, jumladan, tadbirkorlarga ushbu mexanizmdan foydalanish yo‘llarini tushuntirish uchun maxsus treninglar tashkil etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rishning zarurligi ta'kidlandi.
Amaldagi eksport shartnomalari bo‘yicha debitor qarzlarni undirish va tashqi bozorlar kon'yukturasini puxta tahlil qilish orqali yangi xorijiy buyurtmachilarni jalb etishda yordam berishni nazarda tutgan holda eksport qiluvchilarning masalalarini hal qilish bo‘yicha ishlarni faollashtirishlari zarur bo‘lgan Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga alohida ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda berilgan topshiriqlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan doimiy ravishda nazoratni olib borish Bosh prokuratura zimmasiga yuklatildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi