O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat korxonalarini transformasiya qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

2020-11-09 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni amaliy bajarilishini tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Majlisda eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi a'zolari, vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, sanoat va ho‘jalik birlashmalari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimlari ishtirok etdilar.
 
Eslatib o‘tamiz, Farmonga binoan 32ta yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalarini transformasiyasini o‘tkazish, 39ta korxonada korporativ boshqaruv va moliyaviy auditning zamonaviy standartlarini joriy etish, shuningdek, operasion faoliyatining samaradorligini oshirish, 62ta yirik tizim yaratuvchi sanoat korxonalarining davlat ulushining xususiy investorlarga sotish maqsadida investitsiya jozibadorligini oshirish, 479ta korxonaning davlatga tegishli aksiyalarini sotish va 15ta davlat ko‘chmas mulki ob'ektlarini xususiy sektorga sotish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirilgan.
 
Bundan tashqari, ilgari qabul qilingan qarorlarga binoan, hududiy darajadagi mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari doirasida 386ta va 560ta davlat aktivlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan.
 
Yig‘ilish davomida Farmonda ko‘rsatilgan vazifalarni amalga oshirishga mas'ul shaxslar - tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari belgilandi. Transformasiya qilinadigan va xususiylashtiriladigan ob'ektlar manzilli tartibda aniq rahbarlarga biriktirildi, ular uchun tegishli uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
 
Ommaviy kim oshdi savdosi orqali xususiy investorlarga sotishga tayyorlash bosqichida davlat aktivlarining investitsiya jozibadorligini oshirish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Davlat ulushi bo‘lgan 62ta yirik korxonalarni, shuningdek, 118ta sanoat korxonalari va hududiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob'ektlarni moliyaviy va texnologik audit qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi.
 
“Yo‘l xaritasi”da moliyaviy, yuridik, texnik va baholash bo‘yicha maslahatchilarni, jumladan, xorijiy mutaxassislar va xalqaro moliya institutlarining ekspertlarini tanlov asosida jalb qilish, korxonalarni o‘rganish (due diligence), korxonalar to‘g‘risida reklama roliklari yaratish, moliyaviy modellarni ishlab chiqish, korxonalar va bo‘lajak investorlarning kengaytirilgan ro‘yxati bilan virtual ma'lumotlar bazasini (data room) shakllantirish, road-show o‘tkazish, shuningdek, bo‘lajak xaridorlardan boshlang‘ich va yakuniy sotib olish takliflarini qabul qilish va tasdiqlash jarayonlarini yuqori sifatli va shaffofli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
 
Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga davlat unitar korxonalarining mulkchilik shaklini xo‘jalik jamiyatlariga o‘zgartirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda xorijiy ekspertlar va maslahatchilarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mavjud 479 ob'ektlarni oziq-ovqat va to‘qimachilik yo‘nalishidagi korxonalar, alohida tartibda kim oshdi savdosiga chiqarilayotgan yirik korxonalar, davlat ulushi 100 million so‘mdan oshmaydigan korxonalar va davlatga tegishli aksiyalar to‘plami 100 million so‘mdan oshadigan yoki alohida shakllanadigan korxonalar turlari bo‘yicha tasniflash topshirildi.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari” hamda xususiylashtirish va joylarda tegishli qo‘llanmalar chop etish va tarqatish masalalari bo‘yicha “Koll-markaz” faoliyatini tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi. Mazkur klinikalar tuman va shaharlarda filiallariga ega bo‘lib, tunu-kun rejimida ishlashga mo‘ljallangan.
 
Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalarda tashqi boshqaruvni joriy etish va xorijda joylashgan davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
 
Amalga oshirilayotgan tadbirlarni yoritish va bo‘lajak investorlar va xaridorlarni jalb etishga qaratilgan samarali PR-kampaniyani tashkil etish muhimligi qayd etildi.
 
Yig‘ilish yakunida vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi ta'kidlandi. Topshiriqlar amalga oshirilishining monitoringi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan doimiy ravishda olib boriladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться