O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston bilan oliy ta’lim va tibbiyot sohasida hamkorlik yanada kengaytiriladi
2020-11-07 | Sog‘liqni saqlash
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan turli sohalar, xususan ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Hindistonning “Medveda omniscience Pvt.Ltd.” kompaniyasi direktori Atul Teotiya bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Medveda” kompaniyasi 2019-yil tashkil etilgan bo‘lib, qisqa davr ichida Birlashgan Arab Amirliklari, Armaniston, Gruziya va boshqa qator mamlakatlardagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda Hindiston tibbiyot universitetlarining bo‘limlarini ochish va shifoxonalar qurish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
A.Teotiya kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, xususan O‘zbekiston bilan oliy ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik o‘rnatish istagida ekanini bildirdi.
Xorijiy tadbirkor “Medveda” kompaniyasi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli sohalarga investitsiyalar kiritish maqsadida respublikamizdagi tegishli ta’lim muassasalari va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda tibbiyot universitetini tashkil etish, mavjud tibbiyot universitetlari va kollejlarini takomillashtirish, mahalliy va xorijlik bemorlar bilan rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun mavjud tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, kompleks ta’limni tashkil etish maqsadida sun’iy intellekt sohasiga ilg‘or axborot texnologiyalarini jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston hududida turli xil dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida birgalikda loyihalar amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi