Joriy yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Sulton As-Siri al-Qamzi bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida S.Umurzakov BAA elchisini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ishonch yorliqlarini taqdim etish marosimi va lavozimga rasman kirish bilan tabriklab, unga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat davomida ikki tomonlama shartnomalarning bajarilishi va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Energetika, logistika va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi hamda O‘zbekiston-Amirliklar qo‘shma investitsiya kompaniyasining faoliyati ko‘rib chiqildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, Amirliklar va xalqaro sifat standartlariga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish uchun innovasion issiqxonalar yaratish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi, bu esa ushbu mahsulotlarni BAA va uchinchi mamlakatlar bozorlariga yirik hajmlarda yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda tegishli laboratoriyalar va sertifikatlashtirish markazlarini tashkil etish dolzarbligi qayd etilib, bu yo‘nalishda hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
25 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda hamkorlik Dasturi ijrosining amaldagi natijalari ijobiy baholandi.
Tomonlar turizm va ta'lim sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish yo‘li orqali hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.
Uchrashuv natijasida muhokama etilayotgan yo‘nalishlar doirasida samarali hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishiga yuqori sifatli tayyorgarlik bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi