O‘zbekiston Respublikasida mediatsiya institutini rivojlantirish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi
Adliya vazirligi, Yuristlar malakasini oshirish markazi (YuMOM), Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Toshkent mediasiya markazi (TMM) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) o‘rtasida videkonferensaloqa orqali uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekistonda mediatsiya institutini rivojlantirishda YeTTBning beg‘araz ko‘magini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
YuMOM va TMM vakillari tomonidan markazlar faoliyati, ularga yuklatilgan vazifalar hamda O‘zbekistondagi mediatsiya institutini rivojlantirishdagi rollari yoritib berildi.
O‘zbekiston tomoni mediasiya bo‘yicha trenerlarni va mediatorlarni tayyorlashda xorijiy ekspertlarni jalb qilish, ular uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, mediatorlik sohasidagi eng ilg‘or amaliyotlarga ega xorijiy davlatlarga o‘quv tashriflarini tashkil etish hamda O‘zbekistonda mediasiya institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda YeTTBning texnik va ekspert yordami muximligi ta'kidlandi.
YeTTBning huquqiy islohotlar loyihalari bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish jamoasi va yuridik bo‘lim xodimi Veronika Bradautanu nizolarni muqobil hal qilish sohasida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mediatsiya institutini rivojlantirishda YeTTB texnik va ekpert yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekistonda mediatorlik faoliyatini rivojlantirishda Adliya vazirligi va YeTTB o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha tadbirlar dasturini ishlab chiqish va shu yildan boshlab dasturni amalga oshirishni boshlashga kelishib oldilar.
Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Adliya vazirligi mediasiya institutini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida professional asosdagi mediator faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari dasturini tasdiqlaydi, mediatorlarni o‘qitadi va malakasini oshiradi, mediatorlar reestri yuritadi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi