AQSh savdo vakilligi idorasi O‘zbekistonga nisbatan GSP (umumiy imtiyozlar tizimi) monitoringni bekor qilinishini e'lon qildi
2020-yil 30-oktabrdagi AQSh savdo vakilligi idorasi (USTR)ning rasmiy bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston uchun GSP (GSP - Generalized System of Preferences) monitoringi tugatilganligi ma'lum qilindi.
“Xalqaro Mehnat Tashkilotining tekshiruvlariga ko‘ra, O‘zbekistonda paxta terimida bolalar mehnatidan mutlaqo foydalanilmayotganligi va so‘nggi 5 yil davomida majburiy mehnatning kamayib borayotganligi qayd etilgan. Hukumat tomonidan majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi va paxta yetishtirish kvotalarini bekor qildi, shu jumladan, terimchilarning ish haqlari oshirildi va shu orqali ko‘ngilli terimchilar soni sezilarli darajada ortdi. Paxta terimida majburiy mehnatga barham berish borasida AQSh va O‘zbekiston Hukumatlari erishilgan yutuqlarni yanada rivojlantirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni davom ettiradi”, – deyiladi bayonotda.
Umumiy imtiyozlar tizimi – bu 1974-yilda qabul qilingan Savdo to‘g‘risidagi qonunga muvofiq rivojlanayotgan mamlakatlardan AQShga import qilishda tovarlarni bojsiz kiritish rejimi hisoblanadi. 1994-yilda O‘zbekistonga GSP benefisiari maqomi berilgan.
O‘zbekistonning GSP standartlariga muvofiqligi to‘g‘risida oxirgi jamoat eshituvlari 2020-yil 30-yanvarda AQSh Savdo vakilligi idorasida (Vashington sh.) bo‘lib o‘tgan. Mazkur tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi tomonidan majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berilgan. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) konvensiyalari ratifikasiya qilinib, mehnat inspektorlari soni ko‘paytirildi, samarali qayta aloqa tizimi joriy etildi. Shu bilan birga yangi institusional tuzilmalar (Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha Milliy komissiya va Milliy ma'ruzachi) yaratildi, majburiy mehnat uchun ma'muriy javobgarlik kuchaytirilib, jinoiy javobgarlik joriy etildi. Paxta terimini mustaqil ravishda monitoring qilish imkoniyatlari yaratib berildi, xalqaro tuzilmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV bilan o‘zaro aloqalar to‘liq ta'minlandi.
Joriy yilning 25-iyun kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh Davlat departamentining odam savdosini monitoring qilish va unga qarshi kurashish byurosi tomonidan har yili tayyorlanadigan “Odam savdosi” to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi. Unda mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar va Hukumat tomonidan vaziyatni ijobiy tarafga o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar aks ettirildi. “Bu muammoni hal qilishda O‘zbekistonning jiddiy sa'y-harakatlari mintaqadagi boshqa davlatlar uchun yangi standartlarni belgilab bermoqda”, – deya ta'kidladi Mayk Pompeo.
O‘zbekistonga nisbatan GSP monitoringining bekor qilinishi paxtani qayta ishlash, to‘qimachilik, yengil, charm-poyabzal, agrar va boshqa sanoat sohalarida eksport salohiyatini kengayishi uchun yangi istiqbollarni shakllantirib, mamlakatimizning ivestision imkoniyatlarni o‘sishi, tashqi savdo aylanmasini ko‘payishi va yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga, shuningdek, AQSh bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda hizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi