Vazir o‘rinbosari Botir Parpiyev Namangandagi mahalla tizimi xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi
Namangan viloyati hokimligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev rahbarligida mahalla instituti faoliyatini takomillashtirish, tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda sohaga oid boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, tuman va shahar mutasaddi vakillari, viloyatdagi mavjud fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Vazir o‘rinbosari B.Parpiyev o‘z nutqi davomida aholi bandligi, ularni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Hozirda viloyat miqyosida ishsiz fuqarolar soni 58 659 nafar bo‘lib, shundan Kosonsoy tumanida 5609 nafar, Norin tumanida 6585 nafar, To‘raqo‘rg‘on tumanida 6870 nafar, Yangiqo‘rg‘on tumanida 8317 nafar ishsiz fuqarolar mavjud.
Qayd etilishicha, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 35 854 nafar fuqaroga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida fuqarolar yig‘inlari tomonidan tavsiyanomalar berilgan. Viloyatdagi 626 ta mahallaning 404 tasi (64,5%) “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida meva-sabzavot, issiqxona, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan. Mahalla idoralarini qurish bo‘yicha belgilangan 111 ta loyihaning 75 tasida (68%) qurilish ishlari boshlangan.
Yig‘ilishda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tuman, shahar va mahallalarda o‘tkaziladigan madaniy-ma'rifiy, targ‘ibot tadbirlariga aholi, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar, uyushmagan yoshlar, ehtiyojmand xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini jalb etishga alohida e'tibor qaratish, 2020–2021 yillar davomida mahallalarda arzonlashtirilgan narxlarda kitob savdo yarmarkalari, “Eng kitobxon oila”, “Eng kitobxon o‘quvchi” ko‘rik-tanlovlarini tashkil etish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Shuningdek, tegishli yo‘nalishlardagi tegishli yo‘nalishlardagi bo‘sh turgan ish o‘rinlarini munosib kadrlar bilan to‘ldirish, tomorqa ishlarini tashkil etishda faoliyati namunali bo‘lgan mahalla xodimlarini rag‘batlantirish, namunaviy loyihalar asosida har bir hududda bittadan mahallani obod qilish va keng jamoatchilikka ko‘rsatish ishlarini amalga oshirish borasidagi vazifalarga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.