O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Norin daryosi koʻprigida qatnov tiklandi
2020-11-03 | Iqtisodiyot
Nosoz holatga kelib qolganligi uchun bundan olti oy avval harakat toʻxtatilgan Norin daryosi koʻprigi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
Fargʻona halqa yoʻlidan oʻtgan mazkur inshoot 1962-yilda barpo etilgan va oxirgi paytga kelib unda darz va yoriqlar paydo boʻlgandi. Andijon va Namangan viloyatlarini avtomobil yoʻli orqali oʻzaro bogʻlaydigan koʻprikda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Koʻprikqurilish tresti» unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan 8,3 milliard soʻmlik rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Rekonstruksiyadan soʻng mazkur koʻprikning eni qariyb 1,5 metrga kengaytirilib, ikki chetida piyodalar uchun yoʻlaklar ham qurildi. Bu bilan inshootning qatnov quvvati ortdi. Endilikda undagi ikki tasmali avtomobil yoʻlida bir kecha kunduzda 20 mingdan ortiq transport oʻtkazish imkoniyati mavjud. Piyodalarning kechki paytda ham koʻprikda bemalol harakatlanishlarini taʼminlash uchun 13 ta elektrodiodli yoritgichlar oʻrnatildi.
Kecha qayta qurilgan koʻprikni foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi. Unda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Sh. Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
Manba: «Xalq So'zi»