O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Samarkand Half Marathon” gʻoliblari aniqlandi
2020-11-01 | Sport
Bugun Samarqand shahrida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan “Samarkand Half Marathon”iga start berildi.
Bu yilgi yarim marafon bahslari Pandemiya sababli onlayn tarzda tashkil etilayotgan boʻlsada, Samarqand shahrida musobaqaning ochilish marosimi oʻtkazildi.
Marafonning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov, Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari A.Karimov ishtirok etdi.
Ushbu marafon har yili madaniyat va sanʼat obyektlaridagi mavjud inklyuziv muammolarga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, shuningdek, mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi va sport turizmini rivojlantirish masalalalarini hal qilishga yordam berishi bilan ahamiyatlidir.
Marosimdan soʻng “Samarkand Half Marathon”ning 21 kilometr masofasiga yugurish uchun start berildi. Unda erkaklar oʻrtasida Toshkent viloyati vakili Andrey Petrov birinchi boʻlib marra chizigʻini kesib oʻtdi. Qizlar bahsida oʻn ming metrga yugurishda Oʻzbekiston rekordchisi, surxondaryolik Sitora Hamidova gʻolib boʻldi.
“Marafonda 35 ta davlatdan 3 mingga yaqin sportchilar onlayn tarzda qatnashmoqda. Oʻzbekistonning barcha hududlarida ushbu marofonda ishtirok etish uchun imkoniyat yaratildi. Bugungi marafon ishtirokchilarining barchasi qalban Samarqandda ekanligiga aminman. Dunyoda yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat tufayli 2020-yilgi Samarkand Half Marathon dasturi ushbu tadbirning sport qismini ikki shaklda – Samarqandda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan kelgan 42 nafar professional sportchilar uchun 21 km masofaga yugurish musobaqasi va hamma uchun virtual yugurish musobaqasini oʻtkazishni nazarda tutadi. Samarqand yarim marafoni – nafaqat shaharning tashrif qogʻozi, balki shahar bilan tanishish uchun eng yaxshi imkoniyatdir”, deb aytib oʻtdi A.Abduhakimov OAVga bergan intervyusida.
Musobaqaning starti “Registon” maydonidan boshlanadi, keyin sportchilar Samarqandning Bibixonim, Afrosiyob, Hazrati Hizr, Xoʻja Doniyor maqbarasi, Ulugʻbek va “Shohizinda” rasadxonalari kabi asosiy diqqatga sazovor joylari yonidan oʻtishadi.
Erkaklar va ayollar oʻrtasida har bir yoʻnalishda eng yaxshi natija koʻrsatgan 5 nafardan qatnashchi tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Unga koʻra:
1-oʻrin – 12 million soʻm;
2-oʻrin – 10 million soʻm;
3-oʻrin – 8 million soʻm;
4-oʻrin – 6 million soʻm;
5-oʻrin – 5 million soʻm.
Soat 11:30 da musobaqa tashkilotchilari va koʻngillilar qisqa masofaga yugurishdi. Unda turizm qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov ham qatnashdi. Ikki kundan buyon Samarqandda boʻlib oʻtayotgan “Samarkand Half Marathon”i doirasidagi madaniy tadbirlar bugun kechgacha davom etadi.
Shu bilan birga, butun dunyo boʻylab ishtirokchilar sportchilar bilan birga yugurishadi. Virtual poyga formati yarimmarafon ishtirokchilariga joy va masofani tanlash erkinligini beradi va natijalar Strava ilovasida qayd etilgan maʼlumotlarga muvofiq qabul qilinadi. Yarimmarafon dasturiga «Skandinavcha yurish» boʻyicha musobaqalar qoʻshildi va 12 yoshgacha boʻlgan bolalar esa alohida bolalar yugurish musobaqasida yuguradilar.
Yugurish musobaqasida 1 dan 16-noyabrgacha davom etadi. Musobaqa natijalariga koʻra, eng yaxshi yuguradigan shahar va eng yaxshi yuguradigan klub aniqlanadi. Ishtirokchilari eng koʻp kilometr masofani bosib oʻtadigan Oʻzbekistonning shahri “Oʻzbekistonning yuguruvchi poytaxti” kubogini qoʻlga kiritadi. Eng yaxshi yuguruvchi klub ham kubok bilan taqdirlanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi