O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirlari koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdi
2020-11-01 | Sog‘liqni saqlash
Istanbulda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sog‘liqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi qo‘mita yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja bilan muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ar, muloqot davomida F.Qovja mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, koronavirusga qarshi kurash borasidagi chora-tadbirlar haqida to‘xtalib, ushbu masalalarda mamlakatlarimiz hamkorligi ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini taʼkidladi.
O‘z navbatida, A.Shodmonov turk qardoshlarimizning mamlakatimiz tibbiyotiga kiritadigan investitsiyalari, o‘zbek va turk mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishlari soha rivojiga ijobiy taʼsir qilayotganini eʼtirof etdi. Pandemiya davrida qardosh davlat tomonidan mamlakatimizga berilayotgan madad uchun minnatdorchilik bildirildi.
Muloqot davomida farmatsevtika va tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb etish, koronavirusga qarshi kurashda malakali turk mutaxassislarini yurtimizga taklif etish, ikki mamlakat mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishi kabi qator muhim masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sog‘liqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi qo‘mita yig‘ilishi doirasida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bag‘dad Amreyev, shuningdek, bir qator turk investorlari bilan muloqot o‘tkazdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi