O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiy tilli davlatlar vazirlarining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda mintaqalararo hamkorlik masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘z ishini boshladi
2020-10-31 | Sog‘liqni saqlash
Istanbulda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sog‘liqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi ilmiy qo‘mitasi yig‘ilishi boshlandi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda shuningdek, Turkiya, Vengriya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirlari va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge ishtiroq etmoqda.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi — dunyoning eng dolzarb muammosi bo‘lib turgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda mintaqalararo hamkorlik, yangi virus bo‘yicha to‘plangan tajribalar bilan o‘rtoqlashish, qardosh xalqlar sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Marosimni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev ochib berdi.
Tadbirda A.Shodmonov so‘zga chiqib, yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va bunda xalqaro jamoatchilik, jumladan, Turkiya bilan tizimli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladi.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge va Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja o‘z nutqlarida O‘zbekistonning pandemiyani jilovlash borasidagi harakatlariga ijobiy baholadi. Ular qisqa fursatlarda kasallikka chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar qurib bitkazilgani, COVID-19ga gumon qilinganlarni saralash va taqsimlash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, virusga qarshi qo‘llanilayotgan qator dori vositalari va tibbiy buyumlar mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilayotgani O‘zbekistonning keng salohiyatidan darak berishini e’tirof etdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi