O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Worldskills Uzbekistan-2020” ishchi kasblar boʻyicha chempionati boshlandi
2020-10-31 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi “Ishga marhamat” band boʻlmagan aholiga xizmatlar koʻrsatish monomarkazida ishchi kasblar boʻyicha “WorldSkills Uzbekistan-2020” chempionati boshlandi.
Ikki kun davom etadigan musobaqada 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar WorldSkillsning 6 ta yoʻnalishi: mehmonxona maʼmuriyati, sartaroshlik sanʼati, oshpazlik, quruq qurilish va pardozlash ishlari, elektr montaji, payvandlash texnologiyalari boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etadilar.
Chempionatda Toshkent, Samarqand va Shahrisabzdan 36 nafar yosh mutaxassis qatnashyapti. Taqdimot-imtihondan keyin ularning ishlarini 45 nafar ekspert baholaydi. Chempionatning barcha ishtirokchilari kasbiy bilim va koʻnikmalar toʻgʻrisidagi sertifikatlar – Skills-pasportlar oladi va eng yaxshilari oltin medal bilan taqdirlanadi.
Chempionat Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi (WorldSkills Uzbekistan) tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Bunday formatdagi kasb musobaqalari mamlakatimizda birinchi bor oʻtkazilishi emas. Oʻtgan yil dekabr oyida “Yosh professionallar” ittifoqi (WorldSkills Russia) bilan hamkorlikda Ishchi kasblar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi birinchi ochiq milliy chempionati oʻtkazilgandi. U nafaqat Oʻzbekiston, balki Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistondan ishtirokchilar, ekspertlar va kuzatuvchilarni bir joyga jamlagandi.
Chempionat mamlakatimizning WorldSkills International xalqaro assotsiatsiyasiga qoʻshilishida hal qiluvchi qadam boʻldi va 2020-yil 17-yanvarda WorldSkills Direktorlar kengashi bizning aʼzolikka qabul qilish boʻyicha soʻrovimizni tasdiqladi. Natijada, Oʻzbekiston ushbu xalqaro assotsiatsiyaning 83-aʼzosi boʻldi.
WorldSkills International – xalqaro notijorat tashkiloti boʻlib, ikki yilda bir marta oʻtadigan xalqaro chempionatlarni tashkil etish orqali ishchi kasblar nufuzi va maqomini, shuningdek kasbiy tayyorgarlik standartlarini oshirishga qaratilgan. Ishchi kasblar boʻyicha jahon chempionati 2021-yil sentyabrda Shanxayda oʻtkaziladi.
WorldSkillsni Oʻzbekistonda rivojlantirish boʻyicha strategik hamkor BMT Taraqqiyot Dasturi sanaladi. BMT TDning Oʻzbekistondagi Doimiy Vakili oʻrinbosari Doyna Muntyanu xonim qayd etganidek: “Ushbu loyiha doirasida Oʻzbekistonda “WorldSkills Expert Community” professional ekspert hamjamiyatini yaratish, shuningdek WorldSkills standartlari boʻyicha kasbiy bilim va koʻnikmalarni mustaqil baholash tizimini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar yakunida eng talabgir kasbiy bilim va koʻnikmalar boʻyicha kamida 70 nafar WorldSkills Uzbekistan ekspertlari saralab olinadi va ekspertlar guruhi shakllantiriladi. Bu ekspertlar kelgusida Oʻzbekistonda xalqaro eʼtirof etilgan WorldSkills standartlarini tatbiq etadilar.
Manba: «Yangi O"zbekiston»