ShHT makonidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikning asosiy masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 28-oktabr kuni Hindiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlarning tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas'ul vazirlarining videokonferensiya shaklida 19chi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Hindiston Respublikasi savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal, Qozog‘iston Respublikasi milliy iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari A.Irgaliev, Xitoy Xalq Respublikasi savdo vazirining o‘rinbosari va xalqaro savdo muzokaralarida Xitoy Xalq Respublikasi vakilining o‘rinbosari Yuy Szyan'xua, Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari A.Alibaev, Pokiston Islom Respublikasi savdo vazirining o‘rinbosari Muhammad Xumayr Karim, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirining o‘rinbosari V.Il'ichev, Tojikiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirining o‘rinbosari A.Safarali, O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov ishtirok etdi.
Tadbirda ShHT Bosh kotibi V.Norov va ShHT Ishbilarmonlar Kengashi ijrochi kotibi S.Kanavskiy ham qatnashdi.
Uchrashuv ishtirokchilari mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarning keng ko‘lamini ko‘rib chiqib, ShHT makonidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Delegatsiyalar rahbarlari ShHTga a'zo davlatlarning ko‘p tomonlama Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish uchun 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Tadbirlar rejasi loyihasini ma'qulladilar va tashkilot Kotibiyatiga hujjat loyihasini ShHTga a'zo davlatlar hukumat rahbarlari Kengashining bo‘lajak yig‘ilishi doirasida tasdiqlash uchun kiritishni tavsiya etdilar. Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari ShHTga a'zo davlatlarning raqamli davrda uzoq va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish Konsepsiyasi loyihasini ma'qulladilar va Kotibiyatga hujjatni ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari Kengashining 2020-yil 10-noyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi yig‘ilishida tasdiqlash uchun kiritishni tavsiya qildilar.
Shuningdek, Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, ShHTga a'zo davlatlar tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyati uchun mas'ul vazirlarining COVID-19 pandemiyasiga javoban choralar ko‘rish va ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi bayonotlari shuningdek, tashkilotga a'zo davlatlarning tegishli vazirliklari o‘rtasida mikro-, kichik va o‘rta biznes sohasida ShHT doirasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Qambag‘allikni qisqartirish va startaplarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tuzish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy jihatlari alohida tartibda ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ShHTga a'zo davlatlar o‘rtasida savdo, investisiyalar, transport va logistika, sayyohlik, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, fan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, intellektual mulkni muhofaza qilish kabi sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta'kidladilar.
Vazirlarning keyingi Yig‘ilishi 2021-yilda bo‘lib o‘tadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi