O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Polsha elchisi O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlayapti
2020-10-29 | Siyosat
TOSHKENT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Polsha Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Pyotr Ivashkevichni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston – Polsha ko‘p qirrali munosabatlarining joriy holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda faollashgan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish Polsha bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishi ekani taʼkidlandi. O‘zbekiston pandemiya sharoitida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Polshaga eksport qilmoqda. Natijada 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida savdo aylanmasi hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga o‘sdi.
Suhbat davomida madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da faollashtirish, xususan, taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Hozirgi kunda Andijonda Varshava menejment universiteti filialini ochish loyihasini amalga oshirish ishlari olib borilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida elchining ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishdagi faoliyatiga yuqori baho berildi.
Elchi Polshaning Toshkent shahridagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi