O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yo‘lovchi transporti va logistikasi masalalari bo‘yicha qo‘shma hayʼat yig‘ilishi o‘tkazildi
2020-10-29 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Vazirlar Mahkamasining Yo‘lovchi transporti va logistikasi masalalari bo‘yicha qo‘shma hayʼati majlisini o‘tkazdi. Unda yo‘lovchi transporti va logistikasi masalalari bo‘yicha qo‘shma hayʼat aʼzolari, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi 5611-son hamda 2019-yil 13-avgustdagi 5781-sonli farmonlarida yo‘lovchi tashish va logistika tizimini rivojlantirishga oid vazirlik va idoralarga belgilangan vazifalarning ijrosi hamda transport va logistika masalalari bo‘yicha boshqa mavjud muammolar muhokama etilib, ularning yechimlari birgalikda izlandi. “Hozirda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi butun dunyoda transport va turizm sohasiga katta zarar yetkazdi.
Dunyo hamjamiyati transport va turizm sohasida xavfsizlik va qulaylikning “yangi norma”larini qabul qilgan holda o‘zgarishni talab qilmoqda. Mamlakatimizda ham ushbu sohalar jahon talablaridan kelib chiqqan holda yangilanishi va takomillashishi talab qilinmoqda”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Tadbir doirasida Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati hisobot va takliflari tinglandi. Bugunga kelib O‘zbekistonda turizmni milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu sohada so‘nggi to‘rt yil mobaynida 75 dan ortiq normativ-huquqiy xujjat qabul qilindi. Shundan O‘zbekiston Prezidentining 16 farmon va 14 qarori, 40 dan ortiq Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar natijasida sayyohlarga transport xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, yangi yo‘nalishlarda aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish, konservatsiya qilingan aeroportlarga xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish, aviayoqilg‘i narxlarini arzonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Prezidentning 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 5781-sonli Farmoniga muvofiq, 2019-yilning 1-оktabridan “Qarshi”, “Nukus”, “Termiz” va “Buxoro” xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi.
Bundan tashqari, respublikaning aviatsiya sohasidagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida 2020-yilning 19-20 fevral kunlari I Xalqaro aviatsiya forumi tashkil etildi. Forum ishida 91 eksponent, 634 delegat, dunyoning 180 dan ortiq kompaniyasi va 35 mamlakatdan 250 dan ortiq xorijiy mehmon ishtirok etdi. Tadbir doirasida 25 dan ziyod xorijiy aviakompaniya bilan muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4755-son qaroriga ko‘ra qo‘shimcha tarzda joriy yilning 1-avgustidan “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etildi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatimizga qaytarish uchun repatriatsion aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. 2020 yilning fevral oyidan boshlab 17 oktyabrgacha jami 408 ta qo‘shma aviaqatnov amalga oshirilgan va 90 500 ta yo‘lovchi tashilgan.
Shu bilan bir qatorda, 2020-yilning sentabr oyidan boshlab Istanbul, Frankfurt, Dubay, Sharja, Seul, Nyu-York, Minsk, Olmaota va Bishkek yo‘nalishlari bo‘yicha mazkur davlatlarda o‘rnatilgan pandemiya talablariga to‘liq amal qilgan holda, muntazam aviaqatnovlar qayta tiklanib, amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Toshkent shahridan Nukus, Buxoro, Urganch va Termiz yo‘nalishlari bo‘yicha mahalliy aviaqatnovlar muntazam amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha sentyabr va oktyabr oyining 17 kuni ichida jami 86 ta qo‘shma reyslar bajarilib va 18 533 ta yo‘lovchi tashilgan. Shu bilan birga, mamlakatning hududiy xalqaro aeroportlariga eng yaxshi nomlarni aniqlash yo‘lida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aeroportlarga eng yaxshi nomlarni aniqlash ommaviy tanlov nizomi ishlab chiqildi hamda Yo‘lovchi transporti va logistikasi masalalari bo‘yicha qo‘shma hayʼatining bayonnomasi bilan tasdiqlandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda ommaviy tanlov eʼlon qilindi. Tanlov shartlari https://uzbektourism.uz, https://mintrans.uz, https://uzbairports.uz saytlarida qayd etilgan.
“O‘zbekiston turizm magistrali” (Xonobod-Mo‘ynoq) turizm transport koridorini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanib, joylarda yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar shakllantirilmoqda. Mazkur loyihalarni amalga oshirish doirasida magistralning umumiy 1 643 km uzunlikdagi hudud qamrab olinadi hamda umumiy qiymati 525,0 mlrd. so‘mlik 64 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 2 800 yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda. 2019 yilda barcha turdagi transport vositalari bilan jami 6 mlrd 25 mln. yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 101,2 foizni tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-centyabr oylarida 3 mlrd 952 mln yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 87 foiz tashkil etdi. Shu jumladan xalqaro yo‘nalishlarda 944 ming yo‘lovchi tashildi. Bugungi kungacha jami 26 xalqaro avtobus yo‘nalishi tashkil etilib, ularda 679 ming nafar yo‘lovchi tashildi. Shuningdek, shaharlararo va viloyatlararo avtobus yo‘nalishlar bo‘yicha 15 avtobus yo‘nalishi qayta tiklandi.
Jumladan, Toshkent shahridan Xiva, Termiz, Qarshi, Navoiy, Jizzax, Denov, Shahrisabz, Zomin, Samarqand, Buxoro shaharlariga muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Tojikiston tomondan Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga jami 5 muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur avtobuslarning O‘zbekiston hududi orqali tranzit harakatlanishiga sharoit yaratilgan. 2020-yil yakuniga qadar 5 mlrd. 223 mln yo‘lovchi tashilishi va o‘tgan yilga nisbatan 87,3 foizni tashkil etilishi kutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-maydagi “Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 424-son qarori ijrosini hamda yo‘lovchi tashish xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha IIV YHXBB, Davlat soliq qo‘mitasi va Transport vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlaridan tuzilgan 91 guruh tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 3 094 marotaba reyd o‘tkazilib, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 390 015 avtotransport vositasi tekshirilib, 72 664 ta qoidabuzarlik, jumladan, 10 043 ta tegishli hujjatsiz, 436 ta mast holda, 1 548 ta litsenziya varaqasisiz, 1 179 ta texnik jihatdan nosoz bo‘lgan, 534 ta texnik holati tekshirilmasdan yo‘nalishga chiqarilgan transport vositalarida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish, 350 nafar haydovchining sog‘lig‘i yo‘nalishga chiqishdan oldin tekshirilmaslik holatlari aniqlangan. Tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan, texnik holati belgilangan talablarga javob bermaydigan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullangan 34 744 ta avtotransport vositasidan foydalanish vaqtinchalik taqiqlandi hamda tungi soat 22.00 dan keyin ichki ishlar organlari hamrohligisiz harakatlanayotgan 198 ta avtotransport vositasining harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Farg‘ona vodiysini Toshkent shahri va boshqa hududlar bilan o‘zaro bog‘lash orqali ushbu viloyatlarda turizmni rivojlantirish maqsadida “Angren-Pop” A-373 (Qamchiq dovoni) avtomobil yo‘lida avtotransport vositalarida 15 kishigacha bo‘lgan yo‘lovchilar tashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda Transport vazirligi tomonidan dovon yo‘lini standart normalarga keltirish ishlari olib borilmoqda. Respublika bo‘ylab yo‘lovchilarni harakatlanishi hamda mustaqil sayyohlar tomonidan turistik marshrutlarini belgilashda oldindan rejalashtirish uchun avtobus, avia va temir yo‘l reyslarini qulay tarzda bog‘lovchi yo‘l chiptalarini sotishni nazarda tutuvchi respublika transport tizimining yagona elektron portali ishlab chiqildi va test rejimida sinab ko‘rildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, barcha masʼullarga yo‘lovchi transporti va logistikasini yana-da takomillashtirish bo‘yicha tegishli topshiriq va vazifalar belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi