O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pekinda oʻzbek eksportchilari uchun elektron portal ishga tushirildi
2020-10-29 | Iqtisodiyot
Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi oʻzining birinchi tashqi iqtisodiy faoliyat elektron portali uzchinaexport.com ni ishga tushirdi.
Ikki mamlakat biznes subyektlariga koʻmaklashish yoʻli bilan savdo, investitsiyalar va sayyohlik sohalaridagi oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish, Xitoyga eksportni ragʻbatlantirish uchun maksimal darajada qulay muhitni shakllantirish ushbu portalning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Unga joylashtirilgan Oʻzbekistonning eksportga moʻljallangan mahsulotlari katalogi Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari uchun moʻljallangan. Mazkur toʻplamda oziq-ovqat, qandolatchilik, meva-sabzavot, toʻqimachilik, teri-charm, qurilish materiallari, neft, kimyo mahsulotlari, metallurgiya, elektr texnikasi va milliy hunarmandchilik buyumlariga doir barcha zarur maʼlumotlar oʻz ifodasini topgan.
Xorijlik xaridorlar mahsulot turlari, ularning texnik koʻrsatkichlari va oʻziga xos jihatlari bilan tanishishi hamda oʻzlarini qiziqtirgan tovarlarni tanlab olishi mumkin. Veb-sahifa foydalanuvchilariga qulay boʻlishi uchun barcha axborotlar oʻzbek, xitoy, ingliz va rus tillarida taqdim etilgan.
Tovar ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar uchun moʻljallangan boʻlimda xaridorlarning tijoratga doir soʻrovlari, takliflar va ishlab chiqaruvchilarning elektron kataloglari singari foydali axborotlar, shuningdek, XXR va Oʻzbekistonda har yili oʻtkaziladigan koʻrgazmalar taqvimi, marketingga oid va boshqa koʻplab maʼlumotlar oʻz aksini topgan.
Bundan tashqari, Xitoy bozorlaridagi tamoyillar, Xitoyda tovarlar sifatiga qoʻyiladigan talablar, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni mamlakatga olib kirish tartibotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham portal foydalanuvchilarining eʼtiboriga havola qilingan. Ular, shuningdek, Xitoyda biznes yuritish, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishga ijozat olish tartibi boʻyicha maʼlumotnomalarni topishi mumkin. Bundan tashqari, portalda yuridik hujjatlar namunalari, foydali saytlar va boshqa masalalarga doir juda koʻp zarur axborotlar jamlangan.
Portalda endi ish boshlayotgan eksportchilar uchun oʻz mahsulotining Xitoyga eksportini tashkil etish uchun bosqichma-bosqich, yaʼni bozorni tadqiq etishdan tortib to tovarni joʻnatishga qadar boʻlgan tavsiyalar ham mavjud. Veb-sahifada sanoatning har bir tarmogʻi boʻyicha faoliyat koʻrsatadigan savdo uyushmalari, korporatsiyalar, importchilar va treyding kompaniyalari roʻyxati muntazam ravishda toʻldirib boriladi.
Ushbu portalda oʻzbek kompaniyalari oʻz mahsulotlari va xizmatlarini joylashtirishi va Xitoyda oʻz isteʼmolchilarini topishi mumkin. Buning uchun ular elchixonaning elektron pochtasiga (uzchinaexport@mfa.uz) oʻz kompaniyasi haqidagi qisqacha maʼlumot, mahsulotlar katalogi, sertifikatlari, har bir mahsulot tavsifi, tijorat takliflari, suratlar, videoroliklar va boshqa materiallarni yuborishi zarur. Yuqorida qayd etilgan hujjatlar oʻzbek, xitoy, ingliz va rus tillarida boʻlishi lozim. Taklif etiladigan mahsulot sifati Xitoyda qabul qilingan talablarga javob berishi kerak.
Shuningdek, portalda xitoylik investorlar uchun Oʻzbekistonning sarmoyaviy muhiti va salohiyati hamda istiqbolli loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham taqdim etilgan. “Sayyohlik” boʻlimida esa mamlakatimizning yirik shaharlaridagi diqqatga sazovor tarixiy-madaniy maskanlar haqidagi maʼlumotlar joy olgan.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi