O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tarbiya — buyuk ne'mat

2020-10-29 | Ta’lim

Nafaqat bir oila, balki yer sayyorasidagi har bir mamlakatning gullab-yashnashi, undagi yashovchi xalqlarning farog'ati ham shak-shubhasiz ta'lim va tarbiya tufaylidir.

Hayot olamida, shubhasiz, tarbiya singari insoniyatga ta'sirli narsa yo'qdir. Shu sababdan qadimdan mashhur donishmandlar tarbiya to'g'risida qimmatli fikrlarni yozib qoldirganlar.

Yoshlar tarbiyasi, ularni ilmli va har tomonlama etuk qilib voyaga etkazish barcha zamonlarda muhim vazifa hisoblangan. Mutafakkirlarimiz tomonidan yozib qoldirilgan bunday nodir asarlar  o'sib kelayotgan yosh avlodni salbiy illatlardan asrab, axloqan pok, haqiqiy inson bo'lib etishishlariga undagan.

Ajdodlarimiz asrlar davomida sevib mutolaa qilgan “Pandnoma”, “Siyosatnoma”, “Qobusnoma”, “Axloqi muhsiniy”, “Axloqi jaloliy”, “Axloqi nosiriy”, “Qonuni hikmat”, “Nigoriston”, “Bahr al-ulum”, “Kachko'li sultoniy”, “Jovidoni xirad”, “Bistu se hikmat”, “Hikoyoti dilpisand”, “Odob as-solihin”, “Turkiy “Guliston” yoxud axloq”  singari asarlar shular jumlasidandir. Ushbu nodir asarlarda avval axloq-tarbiyaga oid biror so'z va tushunchani izohlab, keyin unga o'quvchi amal qilish uchun naqliy va axloqiy dalillar keltiradi. Umuman ularning mazmun-mundarijasi, ularda ilgari surilgan ilg'or g'oyalar bugungi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan.

Xitoy donishmandi Syun-Szi “Chaqaloqlar hamma erda bir xil yig'lashadi. Katta bo'lganlarida esa turli qiliqlar qilishadi. Bu – tarbiyaning oqibati”, deb yozgan edi. Olmon faylasufi Immanuil Kant o'z asarida “Inson faqat tarbiya orqali inson bo'ladi, uning qandayligi tarbiyaning natijasidir”, degan fikrni bildiradi.

Tarbiya borasida Sa'diy Sheroziy shunday misralarni bitgan:

Minbarning poyida tursa ham  eshak, 

Tarbiya yuqmaydi, bo'lmaydi odam.

Tarbiya ko'rmayin ulg'aysa kishi.

Eshak bo'lib qolur yuzga kirsa ham.

Tarbiyaga e'tiborsizlikning oqibati nimalarga olib kelishini o'z vaqtida Abdulla Avloniy kuyunib, “Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o'g'rilar, giyohvandlar va nashavandlar... kecha tarbiyalariga e'tibor berilmagan bolalardir”, deb yozib qoldiradi. 

Adabiyotshunos olim Abdurauf Fitrat “Xalqning harakat qilishi, davlatmand bo'lishi, baxtli bo'lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo'lishi, zaif bo'lib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib e'tibordan qolishi, o'zgalarga tobe va qul, asir bo'lishi bolalikdan o'z ota-onalaridan olgan tarbiyalariga bog'liq. Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan oladilar, boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga o'xshaydi, suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham muhitning odob-axloqini qabul qiladilar”, deydi.

Alixonto'ra Sog'uniy tarbiya xususida shunday yozadi: “Yolg'iz insonga emas, barcha jonlik mavjudotlarda ta'lim-tarbiya ta'siri ko'z oldimizda ko'rilib, buning natijalari butun dunyoga tarqalib turmoqda. O'qitish-o'rgatish buyon tursin, suhbat o'zi ham, suhbatdoshlarga o't bilan suvdek tez o'tadi. Shuning uchun ham har kimga, suhbat yo'ldoshlariga qarab baho beriladi”.

Darhaqiqat, nafaqat bir oila, balki er sayyorasidagi har bir mamlakatning gullab-yashnashi, undagi yashovchi xalqlarning farog'ati  ham shak-shubhasiz ta'lim va tarbiya tufaylidir.

Ma'lumki, ulug' mutafakkir Abu Ali ibn Sino merosida ilm va axloq uyg'unligi masalasi alohida o'rin tutadi. Allomaning “Tadbiri manzil” risolasida tarbiya masalasi ko'proq tahlil etilgan. Xususan, “Tadbiri manzil”da inson tayyor shaxsiy sifat, odat va ko'nikmalar bilan tug'ilmasligi qayd etiladi. Bunday xususiyatlar odamning ijtimoiy hayotida sekin-asta shaxsiy va o'zgalar tajribasi, avvalgi ajdodlar an'analari, ta'lim-tarbiya o'zgalarning ta'siri ostida shakllanadi. Shaxs kamolotida ijobiy fazilat va odatlarni qaror toptirish qanchalik qiyin va mushkul bo'lsa, ma'naviy qiyofaga yopishib olgan salbiy jihat va odatlardan xalos bo'lish shunchalik murakkabdir.

Alloma nazdida bolalar tarbiyasini barvaqt boshlagan ma'qul: “Bola tana bo'g'inlari barqaror bo'lgan, uning tili to'g'ri, ravon gapirish va quloqlari tinglash va o'zgalar so'zlarini qabul qilish hamda o'rganilayotgan narsaga (tabiiy) moyillik paytdan boshlab uni ilmlar va  axloq-odob (asoslari)ga o'rgatib borish lozim”.

Yuqoridagilardan shu narsa ma'lum bo'lmoqdaki, hamma vaqt tarbiyada butun ish nafaqat ota-onalarga, balki go'zal axloq va ilmiy salohiyatga  ega bo'lgan ustoz-muallimlarning sa'y-harakatiga ham bevosita bog'liq. Bunda ishni tashkil qilish shakllarinigina emas, ayni paytda, ishlashni to'g'ri yo'lga qo'yish shartlarini bilish ham muhimdir.

Nodirjon ABDULAXATOV,

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti,

tarix fanlari nomzodi

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться