O‘zbekiston Respublikasining “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgarishlarga ShARHLAR
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 506-sonli “2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqaro moliya institutlarining taklif va tavsiyalarini hamda xalqaro tajribani o‘rgangan holda, O‘zbekiston Respublikasining Byudjet, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi va “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunlariga byudjet jarayonini takomillashtirish, byudjet shaffofligini oshirish, byudjet qamrovini to‘liqligini ta'minlash bo‘yicha yangi normalar kiritilmoqda.
I Davlat byudjeti loyihasini tayyorlash jarayonini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar
Byudjet loyihasini tayyorlash jarayoni Byudjet kodeksining 90-95-moddalarida ko‘rsatilgan bo‘lib, amaldagi tartibga muvofiq byudjet loyihasini tayyorlashda avval vazirlik, idoralar va mahalliy byudjetlardan byudjet so‘rovnomalari olinadi va shu asosida byudjet xarajatlari shakllantiriladi. Bu esa vazirlik, idoralar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari (kelgusida – mahalliy byudjetlar deb nomlanadi) tomonidan byudjet imkoniyatlarini inobatga olmagan holda byudjet so‘rovnomalarini taqdim etishiga olib kelmoqda.
Byudjet loyihasini tayyorlash jarayoniga quyidagicha o‘zgartirish taklif qilinmoqda:
Davlat byudjeti loyihasini ishlab chiqishning dastlabki bosqichida Moliya vazirligi tomonidan O‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya loyihasi ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga 1 iyunga qadar taqdim etiladi. Strategiya loyihasida kelgusi yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, daromadalar prognozlari, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash vazifasidan kelib chiqqan holda byudjet taqchilligining maqsadli parametrlari belgilanadi va shu asosda davlat byudjeti xarajatlarining vazirlik va idoralar kesimida yuqori chegaralari, mahalliy byudjetlarga ajratiladigan byudjetlararo transfertlar miqdorlari belgilanadi (Qonun loyihasi 3-moddasi, 15-band);
Strategiya Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma'qullanganidan so‘ng, byudjet xarajatlarining yuqori chegaralari tegishli vazirlik va idoralarga, mahalliy byudjetlarga ajratiladigan byudjetlararo transfertlar miqdorlari 15 iyunga qadar yetkaziladi (Qonun loyihasi 3-moddasi, 16-band).
Vazirlik va idoralar ushbu chegaralar asosida o‘z byudjet so‘rovnomalarini shakllantiradi hamda yuqori chegaradan ortiq zarur bo‘lgan xarajatlar bo‘yicha o‘z takliflarini 1 avgustga qadar beradi. Shu asosida byudjet imkoniyatlaridan kelib chiqib, avgust oyida vazirlik va idoralarning takliflari qayta ko‘rib chiqiladi, makroiqtisodiy prognozlar va Davlat byudjeti ko‘rsatkichlari yangilanadi (Qonun loyihasi 3-moddasi, 17-band).
Shundan so‘ng, yuqoridagi belgilangan tartiblar asosida shakllantirilgan Davlat byudjeti loyihasi 15-sentabrga qadar Moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Bundan tashqari Qonunloyihasida taklif qilinayotgan byudjet loyihasini tayyorlash jarayonini investisiya dasturini shakllantirish jarayoni bilan uyg‘unlashtirish inobatga olingan.
Byudjet loyihasini tayyorlashning taklif etilayotgan jarayoni tarmoq vazirliklariga kelgusi yil uchun joriy va kapital xarajatlariga ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari byudjet loyihasi tayyorlanishidan 3 oy oldin (15-iyunda) yetkazish imkonini beradi.
II Byudjet kodeksiga Davlat byudjetining birlamchi taqchilligi (profisiti) tushunchasi kiritilmoqda (Qonun loyihasi 3-moddasi, 1-band).
“Davlat byudjetining birlamchi taqchilligi (profisiti) – muayyan davrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlarini chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat byudjeti taqchilligi (profisiti);
Davlat byudjetining birlamchi profisitini ta'minlash davlat qarzini kamaytirishga olib keladi va davlat qarzini belgilangan yuqori chegarasidan oshib ketmasligini nazorat qilish imkonini beradi.
III Byudjet qamrovini oshirish maqsadida Davlat byudjeti tarkibida byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalarini aks ettirish taklif etilmoqda. Bunda vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan amalga oshirayotgan xarajatlari ochiqlanadi va ularning samaradorligini baholash imkoni yaratiladi (Qonun loyihasi 3-moddasi, 7-band).
IV Byudjet jarayonining shaffofligini ta'minlashda vazirlik va idoralarning mas'uliyatini oshirish maqsadida Qonun loyihasida:
Byudjet kodeksiga byudjet jarayonining shaffofligini ta'minlash tartibi va ushbu tartibni buzgan hollarda vazirlik va idoralarning raxbar xodimlariga jarima qo‘llanilishini nazarda tutuvchi moddalar (Qonun loyihasi 3-moddasi, 33 va 37-bandlar);
O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etmaganligi, byudjet jarayonining shaffofligini ta'minlash tartibini buzganligi uchun vazirlik va idoralarning raxbar xodimlariga jarima qo‘llash bo‘yicha tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda (Qonun loyihasi 1-moddasi, 1 va 2-bandlari).
Qonun loyihasining to‘liq matni bilan Regulation.gov.uz (https://regulation.gov.uz/uz/d/23839) sayti orqali tanishishingiz mumkin.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi