Rivojlanish masalalari bo‘yicha «Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston» kichik qo‘mitasining 3chi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Videokonferensiya shaklida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegasiyasi bilan birgalikda tashkil etilgan «EI – O‘zbekiston» rivojlanish masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitasining 3chi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining 15 ta tegishli vazirlik va idoralari vakillari, Yevropa Ittifoqi Bosh direksiyasi va Yevropaning tashqi harakatlar xizmati vakillari - Yevropa Komissiyasining Yaqin Sharq, Fors ko‘rfazi, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Bosh direktorat rahbari S.Rinaldi va Yevropa tashqi aloqalar xizmatining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha boshqarma rahbari B.Yaroshevich ishtirok etdilar. O‘zbekiston tomonidan investisiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.Vafaev yig‘ilishga hamraislik qildi.
Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining 2014-2020 yillarda O‘zbekiston bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissiyasining amaldagi dasturiy siklini amalga oshirishning ko‘rib chiqilishi uchrashuv kun tartibidagi asosiy masalalarni tashkil qildi, uning doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida loyihalarni amalga oshirish uchun va qishloq hududlarini rivojlantirishga 168 mln yevrodan ortiq miqdorda grant mablag‘lari ajratildi.
Yevropa Ittifoqi vakillari «Team Europe» tashabbusi 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning dastur siklini ishlab chiqishning muhim tarkibiy qismiga aylanishini ta'kidladilar, uning doirasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va a'zo davlatlar o‘zlarining sa'y-harakatlarini ustuvor sohalarda yirikroq loyihalarni moliyalashtirish uchun birlashtiradilar. Yangi tashabbus haqida gapirar ekan, S.Rinaldi shunday dedi: «2020-yildan keyingi davr uchun Yevropa Ittifoqining rivojlanish sohasidagi hamkorlik dasturlarini rejalashtirish og‘ir sharoitlarda amalga oshirilmoqda: iqlim o‘zgarishi va ekologik tanazzulning ta'siri kabi oldindan mavjud muammolar COVID-19 pandemiyasi bilan murakkablashdi. COVID-19 inqirozidan keyingi tiklanish jarayoni barqaror, ijtimoiy jihatidan adolatli va iqlim jihatidan betaraf iqtisodiyotni ta'minlash zarurligiga asoslanadi. Yevropa komissiyasi siyosatining umumiy ustuvorliklari bilan bir qatorda, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlari Yevropa Ittifoqining rivojlanish maqsadida hamkorlik qilishining asosiy maqsadi bo‘lib qoladi. Team Europe tashabbuslari yangi dasturning asosiy xususiyati bo‘ladi. Bu tashabbuslar - rivojlanishga kuchliroq ta'sir ko‘rsatish uchun kengaytirilgan loyiha paketlarini yaratish maqsadida Yevropa Ittifoqi va a'zo davlatlari o‘z kuchlarini birlashtiradigan flagman dasturlardir.
O‘zbekiston tomoni ushbu siklni ishlab chiqishni jadallashtirish zarurligiga e'tibor qaratdi va aniq loyihalar ro‘yxatini shakllantirish uchun birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
Suv xo‘jaligi, oliy ta'lim, aholining bandligini ta'minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik va innovasion rivojlantirish, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta'sirini kamaytirish kabi sohalarni qamrab oladigan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 2021-yilning ikkinchi yarmida tasdiqlanishi kutilayotgan Yevropa Ittifoqining yangi byudjeti hisobidan amalga oshirish uchun taklif qilinayotgan loyihalar ro‘yxati shakllantirilishini nihoyasiga yetkazish maqsadida bir qator qo‘shimcha maslahatlashuvlarni o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi