Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi yanada takomillashtiriladi
2020-yil 27-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotlar va idoralararo ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash vazirliklari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov tomonidan takidlanganidek, 2021-yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishda birinchi navbatda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tizimli va sifatli ishlashini tashkil qilish hamda navbatdagi saylovni har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazish uchun bir qator ishlarni amalga oshirish lozimligini ta'kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 4-oktabridagi 3961-son qaroriga asosan barcha saylov komissiyalari to‘g‘risidagi hamda ularning komissiya a'zolari haqidagi ma'lumotlarini jamlaydigan va ularni qayta ishlash imkoniyatlariga ega bo‘lgan SJBAT dasturi yaratilgan.
Shu bilan birgalikda 2019-yilgi Parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini qo‘llash jarayonida bir qator kamchiliklar kuzatilgan.
Qayd etilganidek, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirish lozim.
Tadbirda ishchi guruh a'zolari tomonidan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlarni sifatli va yuqori saviyada bajarilishini ta'minlash bo‘yicha bir qator fikr mulohazalar bildirildi.
Manba: Markaziy saylov komissiyasi