Poytaxtimizda “Grace” arxitektura byurosi asoschilari Yekaterina Golovatyuk va Djakomo Kantoni tomonidan ishlab chiqilgan Toshkentdagi modernizm yodgorligini rekonstruksiya qilish loyihasining taqdimoti oʻtkazildi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi rahbari Gayane Umerova, Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Loren Oriol va boshqalar tomonidan ushbu binoning yangi qiyofasini yaratishda mazkur loyiha muhim ekani taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, 2022-yilda Luvr muzeyida “Markaziy Osiyoning ulugʻvorligi. Oʻzbekiston karvon yoʻllarida” koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Unda 300 dan ortiq eksponat Parijda namoyish etiladi. Shuningdek, Fransiyada milliy restavratsiya markazi bilan imzolangan memorandumga asosan mutaxassislar Oʻzbekistonda restavratsiya markazini tashkil etish boʻyicha jamgʻarmaga amaliy yordam koʻrsatish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimovning maʼlum qilishicha, bino rekonstruksiya qilinganidan soʻng, unda bir vaqtning oʻzida ikkita yangi madaniy muassasa – Fransuz madaniyat markazi va Madaniy meros obyektlarini tiklash markazi joylashadi. Oʻzbekistondagi YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiyasi ham ushbu binoda faoliyat yuritadi. Ushbu maskanda restavrator, etnograf, tarixchi va sanʼatshunoslar ham tadqiqot ishlarini olib boradi.
Tadbirda “Grace” arxitektura byurosi asoschisi Ye.Golovatyuk “Inturist” sobiq madaniy-axborot markazi binosini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida batafsil maʼlumot berdi.
– Biz ushbu binoning mumkin boʻlgan va maʼnoga ega boʻlgan qismlarini saqlab qolishga harakat qilamiz. Masalan, markazning avvalgi jamoat joylarini, ular shaharliklar xotirasida qanday saqlanib qolgan boʻlsa, shundayligicha qayta tiklash niyatimiz bor. Ofislar sifatida ishlatilgan va mehmonlarga kirish imkoni boʻlmagan “P” shaklidagi blokda biz Fransuz madaniyat markazini, ofislarni va restavratsiya laboratoriyasini joylashtirishni maqsadga muvofiq, deb bildik. Laboratoriya joylashgan qanotda oʻzgarishlar boʻladi. Chunki binoning ushbu qismida shiftlari juda past, derazasiz va juda tor xonalar mavjud. Fikrimizcha, bu joylarni zamonaviy talablarga, ayniqsa, laboratoriya talablariga sifatli ravishda moslashtirish mumkin emas. Shunga koʻra, yangi restavratsiya laboratoriyasini qatʼiy hajm talablari bilan taʼminlash uchun inshootning bir qismini almashtirish va ushbu qismni aniq zamonaviy va juda shaffof meʼmorchilik sifatida loyihalash zarur, – dedi taqdimotda Ye.Golovatyuk.
Manba: O'zA