Bugun Turkiya Respublikasi mudofaa vaziri, armiya generali Xulusi Akar boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Mudofaa vazirligida faxriy qorovul ishtirokida mehmonlarni rasmiy kutib olish tadbiri boʻlib oʻtdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.
Shundan soʻng qardosh xalq harbiy delegatsiyasi sharafiga Mudofaa vazirligida qabul uyushtirilib, muzokaralar davom ettirildi. Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov va Turkiya Respublikasi mudofaa vaziri, armiya generali Xulusi Akar mamlakatlarimizni bir-biri bilan chambarchars bogʻlab turuvchi jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Dini, tili, tarixiy urf-odatlari bir bu ikki xalqning doʻstona munosabatlari bundan keyin ham yana-da mustahkamlanib borishiga ishonch bildirishdi.
Muzokara davomida mudofaa vazirlari davlat rahbarlarining Oʻzbekistonga va Turkiyaga amaliy tashriflari davomida erishilgan natijalarga, shuningdek, harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqboliga ham alohida eʼtibor qaratishdi.
Muzokaralardan soʻng ikki davlat Mudofaa vazirligi rahbarlari Oʻzbekiston hamda Turkiya oʻrtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar.
Uchrashuv yakunida Bahodir Qurbonov va Xulusi Akar ikki davlat madaniyatini aks ettiruvchi esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti
Manba: O'zA