2020-yil 26-27 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tartibga solish ta'sirini baholash va qonunchilikni tizimlashtirish” mavzusida vebinar o‘tkazmoqda.
Vebinar Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha Bosh Direksiyasining (DEVCO) Texnik yordam va axborot almashinuvi (TAIEX) dasturi doirasida tashkil etilmoqda.
Tadbirda Adliya vazirligi, vazirlikning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining, shu jumladan, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mas'ul xodimlari ishtirok etmoqda.
Ma'ruzachi sifatida Ispaniya, Fransiya Adliya vazirliklari mutaxassislari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari taklif etilgan.
Vebinarning birinchi kunida huquqiy tartibga solishni takomillashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish hamda tartibga solish yukini kamaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegasiyasining rahbari janob Yussi Narvi o‘zining kirish so‘zida mamlakatimizda huquqiy tartibga solish sohasida sifatli o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.
“Vebinarning asosiy maqsadi norma ijodkorligi sohasi mutasaddilarining, avvalo Adliya vazirligi xodimlarining tartibga solish ta'sirini baholash va qonunchilikni tizimlashtirish sohasidagi salohiyatini oshirishdan iborat. Bu borada biz hamkorlikni davom ettirishga va O‘zbekistonga huquqiy tartibga solishning ilg‘or Yevropa tajribalari bilan tanishishida amaliy yordam berishga tayyormiz”, – dedi janob Yussi Narvi.
Vebinarning birinchi kunida Xorvatiyaning byurokratik to‘siqlarni qisqartirish loyihasi (HITROREZ) bo‘yicha ma'ruza kiritilgan. Ushbu loyiha doirasida 2683 ta me'yoriy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ulardan 55% soddalashtirilishi natijasida har yili korxonalar va iste'molchilar uchun xarajatlarni 65 million dollarga kamaytirilishiga erishilgan.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Xususan, davlat rahbarining tegishli qarorida jami 2,5 ming ga yaqin eskirgan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining tartibga solish ta'sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Ayni vaqtda vebinarning birinchi kuni davom etmoqda. Ta'kidlash joizki, vebinarning ikkinchi kunida Fransiya, Ispaniya va Polsha davlatlarining qonunchilikni tizimlashtirish bo‘yicha tajribasi to‘g‘risida ma'ruzalarni tinglash rejalashtirilgan.
A. Abduxoliqov.
Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi xodimi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi