O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qozog‘istonda “O‘zbek tili do‘stlari” klubi faoliyatini rivojlantirish doirasida davra suhbati tashkil etildi
2020-10-26 | Madaniyat
NUR-SULTON, 26-oktabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan «O‘zbek tili do‘stlari» klubi faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davra suhbatida Qozog‘iston Respublikasi Xalq assambleyasi vakillari va ilmiy-ekspert kengashi a’zolari, Qo‘lyozmalar va noyob kitoblar milliy markazi rahbariyati, O‘zbek etno-madaniy markazlari a’zolari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, vatandoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat tillariga hurmat ko‘rsatilishi, ular rivoji uchun sharoit yaratilgani ta’kidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Nur-Sulton shahri akimati Ichki siyosat boshqarmasining boshlig‘i T.Raxmanberdi va Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi raisi o‘rinbosari Sh.Po‘latov O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgani 31 yilligi munosabati bilan samimiy tabrik yo‘lladi.
Shuningdek, Yevroosiyo milliy universiteti arxeologiya va etnologiya kafedrasi professori J.Artikbayev o‘zbek tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etdi.
— Yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanini singdirish bilan birga, har bir inson avvalo o‘z ona tilini chuqur o‘rganishi zarurligi ta’kidlashimiz kerak, — dedi J.Artikbayev. — O‘zbekiston Prezidenti va hukumati o‘zbek tilining sofligini saqlash va xalqaro hamjamiyatda uning mavqeini oshirish borasida sezilarli ishlarni amalga oshirmoqda. O‘z o‘rnida Qozog‘iston hududlarida yashayotgan, xususan, Sayramdagi «O‘zbek etnosi» tarixiy mavqeini saqlab qolish ham juda muhim. O‘tayotgan til bayrami insonni ona tiliga va o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini jo‘sh urdiruvchi betakror bayramdir. Til bayrami shuningdek, xalqlar o‘rtasida o‘zaro totuvlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim omil hisoblanadi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Qo‘lyozmalar va noyob kitoblar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i K.Parimbekova ikki xalq tegishli tarixiy noyob qo‘lyozmalarni o‘rganishning bugungi holati haqida aytib o‘tdi.
— O‘zbekiston va Qozog‘istondagi muzey va kutubxonalarda saqlanayotgan tarix, fan, adabiyot va san’atga oid manbalarni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishmiz zarur, —dedi K.Parimbekova. — Bundan tashqari ikki mamlakat olimlari xorijiy davlatlarda saqlanayotgan o‘zbek va qozoq xalqi uchun bebaho sanalgan asarlarni o‘rganish va qaytarish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borsa, ikki tomon uchun ham foydali bo‘lardi. Shu o‘rinda yana bir masalani ko‘tarmoqchiman. Ya’ni, bugungi kunda Germaniya davlat arxivida saqlanayotgan Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» va shunga o‘xshash boshqa noyob asarlarni o‘zbek va qozoq tillariga tarjima qilish bo‘yicha o‘zbekistonlik tilshunos olimlar birgalikda ishlashni taklif qilaman.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi