Dildan tubidan otilgan bu soʻz bugungi kunda har bir Vatan himoyachisining, xususan Ichki ishlar idoralari xodimlarining faoliyatida qalb qoʻri va vijdon amriga aylangan. Bundan ezgu shior Namanganda 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirda baralla yangradi.
Darhaqiqat, osoyishtalik posbonlarining mehnatini har qancha eʼtirof etsak oz. Boisi ular kunda ham, tunda ham goh avtomobil qatnov yoʻllarida, goh mahalla va koʻpqavatli uylar atrofida aholi xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlashdek masʼuliyatli va sharafli vazifani oʻz zimmalariga olishgan.
Tantanali tadbirda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov Vataniga sodiq boʻlgan osoyishtalik posbonlarini kasb bayrami bilan qutlab, keyingi yillarda mamlakatimizda tinchlik-xavfsizlik va aholi salomatligi masalasiga davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida ahamiyat qaratib kelinayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-oktabrdagi Farmoni bilan “Mardlik” ordeni bilan taqdirlangan Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Odil Otaxoʻjayev, “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga sazovor boʻlgan Namangan shahridagi “Ozod” mahalla fuqarolar yigʻini profilaktika inspektori Azimxoʻja Namanxoʻjayevlarni tabriklab, jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda ularning munosib hissalarini alohida eʼtirof etdi.
Qayd etish joiz, Namangan shahrida “Xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla” konsepsiyasini amalga oshirish, sohaga eng ilgʻor tajribalarni, axborot kommunikatsiya texnologiyalarni tatbiq etish borasidagi izchil ishlar respublika miqyosida tajriba tariqasida ommalashtirilmoqda.
Ichki ishlar sohasida shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilashga eʼtibor berilmoqda.
Jumladan, Namangan shahrining Islomobod va Baynalmilal mahallalari hududida osoyishtalik posbonlari uchun koʻpqavatli uylar qurib, foydalanishga topshirildi.
Yurtimiz boshiga tushgan ogʻir sinovlarda, ayniqsa koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yuz bergan ofatni bartaraf etishda namanganlik ichki ishlar idoralari vakillari ham mardlik va jasorat namunasini koʻrsatdilar. Tizimdagi 51 nafar xodim Prezidentimiz tomonidan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi.
Har bir xodimning qasamyodiga sadoqati uning benuqson xizmat olib borishiga asos boʻladi. Sana munosabati bilan hamkasblariga va yosh xodimlarga oʻrnak hamda namuna boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlarga Namangan viloyati hokimining Faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari, Ichki ishlar vazirligining “Aʼlo xizmati uchun”, I, II, III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Viloyat sanʼat ustalari ijrosidagi konsert dasturi yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Oqilxon Dadaboyev, Sardorbek Boltaboyev (suratlar)
Manba: O'zA