O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat fuqarolik xizmatida raqamli texnologiyalar

2020-10-26 | Texnologiyalar

Bugun zamonning o‘zi har bir tizimga raqamli texnologiyalarni jalb etishni, xususan, davlat fuqarolik xizmatida innovasion texnologiyalarni keng qo‘llashni talab etmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5843-son Farmoniga muvofiq Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri etib, davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish va ularni izchil takomillashtirib borish, davlat fuqarolik xizmatchilari shaxsiy ma'lumotlarining xavfsizligini ta'minlagan holda ular to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi belgilangan.
 
Shunga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida Agentlik tomonidan respublikamizda o‘xshashi bo‘lmagan, keng qamrovli “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksini joriy etish ishlari olib borilmoqda.
 
Davlat rahbarining 2020-yil 2-martdagi “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–5953-son Farmoniga asosan shu yil ishga tushurilishi reja qilingan mazkur dasturiy apparat kompleksi respublikamizning 20 dan ortiq vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yaratilmoqda. Chunki, dasturiy-apparat kompleksidagi quyi tizimlar respublikamizdagi bir qator vazirlik va idoralar tomonidan shakllantirilgan ma'lumotlar bazasiga bog‘liqdir.
 
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat personallashtirish markazi va shu kabi yana bir nechta tashkilotlar faollik ko‘rsatmoqda.
 
O‘tgan vaqt davomida, olib borilgan say'-harakatlar natijasida dasturiy-apparat kompleksining quyi tizimlaridan aksariyati ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkazilmoqda.
 
Xususan, Davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlarga munosib nomzodlarni ishga qabul qilish maqsadida ishlab chiqilgan vacancy.argos.uz “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali” ishga tushirildi.
 
Mazkur portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun nomzodlarning ochiq mustaqil tanlovlarini tashkil etadigan elektron tizim bo‘lib, Internet tarmog‘ida «bir darcha» tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi.
 
Portal barcha O‘zbekiston fuqarolariga vakant lavozimlarga elektron tarzda hujjat topshirish imkoniyatini beradi hamda nomzodlarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishida inson omilini minimal darajaga tushirishga xizmat qiladi.
 
Ayni vaqtda vacancy.argos.uz portali orqali tajriba tariqasida 3 ta vazirlik, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va 35 ta tuman hokimiyatidagi vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar e'lon qilingan.
 
Undan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Qishloq ho‘jaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda 35 ta tuman hokimliklari bo‘yicha e'lon qilingan tanlov o‘z yakuniga yetib, mavjud 76 ta vakansiyaga 1 724 nafar nomzodlar aynan dasturiy-apparat kompleksining vacancy.argos.uz portali orqali elektron tarzda o‘z hujjatlarini yuborgan.
 
Shuningdek, dasturiy-apparat kompleksining sinov tariqasida ishga tushirilgan quyi tizimlaridan biri davlat fuqarolik xizmatchilarining bilimlarini aniqlaydigan hamda ularning psixologik portretini yaratish uchun xizmat qiladigan Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish elektron axborot tizimi hisoblanadi.
 
Mazkur tizimni sinovdan o‘tkazish davrida 14 ta vazirlik va idoralarning 30 000 nafardan ziyod hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qariyb 5 000 nafar, jami 35 000 nafardan ziyod xodimlari 4 ta yo‘nalish bo‘yicha (iqtisodiyot, ma'naviyat, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, siyosat va huquq asoslari) bilimlari onlayn test orqali baholandi.
 
Bu orqali esa mazkur test topshirgan davlat xizmatchilariga qaysi yo‘nalishlarda malaka oshirish va qayta tayyorlash ishlarini tashkil etish lozim ekanligi aniq ko‘zga tashlandi.
 
Hozirda mazkur tizimni sinovdan o‘tkazish davrida yuzaga chiqqan kamchiliklari bartaraf etilib, yanada takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
 
Ayni vaqtda Agentlik dasturiy-apparat kompleksining quyi tizimlaridan biri bo‘lgan davlat xizmatchilarining faoliyatini avtomatik tarzda xolisona baholashga zamin yaratuvchi Davlat xizmatchilarining professional xizmat faoliyatini kompleks baholash elektron axborot tizimini to‘liq shakllantirish ustida “Yagona integrator – “O‘zinfokom” va bir qator vazirlik va idoralari mutaxassislari bilan ish olib bormoqda.
 
Chunki, mazkur elektron axborot tizim shakllantirilishida asosiy bo‘lgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tegishli vazirlik va idoralardan taqdim etiladigan ma'lumotlarga bevosita bog‘liqdir.
 
Bu borada Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Davlat soliq ko‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa bir qator vazirlik hamda idoralar tomonidan haqqoniy va sifatli ma'lumotlar o‘z vaqtida kiritib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
 
Xulosa o‘rnida aytib o‘tadigan bo‘lsak, mazkur dasturiy-apparat kompleksini amaliyotga joriy etilishi davlat organlari va tashkilotlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi faoliyatining ochiqligi va hisobdorligiga, davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlar meritokratiya tamoyili asosida eng munosib nomzodlar bilan to‘ldirilishiga, davlat xizmatchilari, ularning kasbiy fazilatlari va xizmatlariga adolatli va xolis baho berilishiga, davlat organlari va tashkilotlari zarur bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar bilan ta'minlanishiga, davlat xizmatchilarining qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari, shuningdek ularning natijalarini baholash to‘g‘risida ma'lumot bazasi shakllantirilishiga erishiladi. Shuningdek, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish imkoni yaratilib, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestri yuritiladi hamda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining son va sifat tarkibi tahlili “HR metrika” uchun zamin yaratiladi.
 
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmati

Поделиться