Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida eksport faoliyatini rag‘batlantirish va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan vebinar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 24-oktabr kuni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida Prezidentning "Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni, shuningdek, eksport faoliyatini rag‘batlantirish va eksportchilarni amaliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud bo‘lgan va yangi tatbiq etilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni muhokama qilishga bag‘ishlangan vebinar bo‘lib o‘tdi.
Vebinarda Vazirlik va Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbariyati, 2000 dan ortiq tadbirkorlar va eksportchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov tadbirni ochar ekan: “COVID-19 pandemiyasi oqibatlari keltirib chiqargan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksport faoliyatini yanada rag‘batlantirish davlat uchun eng muhim ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Aynan shuning uchun biz vazirlik amalga oshirishni boshlagan Prezident Farmonining qabul qilinishini eksportchilarga yordam berish bo‘yicha boshlangan tadbirlarning uyg‘un davomi deb bilamiz. Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tashkil etilishi esa Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimini shakllantirishning yakuniy elementi bo‘ladi”, deb ta'kidladi.
Vebinar ishtirokchilari tasdiqlangan hujjatda eksportchilar uchun ko‘zda tutilgan qo‘shimcha imtiyozlarga alohida qiziqish bildirdilar - eksport qiluvchi korxonalarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan beriladigan kompensasiya va kafolatlar shaklidagi yangi preferensiyalar, tijorat banklari tomonidan bir vaqtning o‘zida komissiyalar miqdorining pasayishi bilan beriladigan kreditlar bo‘yicha kafolatlarning maksimal miqdorini oshirish, kompensasiyalar olish jarayonlarini soddalashtirish va eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralari shular jumlasidandir.
Shuningdek, vebinar davomida tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita ishlashga alohida urg‘u berilayotganligi ta'kidlandi - mamlakatimizda eksport va investisiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda. Uning asosiy vazifasi eksportchilar chet elda mahsulot ishlab chiqarish va sotishda duch keladigan muammolarni aniqlash va hal qilishga qaratilgan vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari, tijorat banklari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatini muvofiqlashtirishdir. Komissiya a'zolari muntazam ravishda hududlarga safarlar amalga oshirishadi, u yerda tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish orqali eksport salohiyati oshishiga va eksportga yetkazib berishning ko‘payishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli masalalar hamda alohida eksport qiluvchi korxonalar masalalari oydinlashadi.
Shuningdek, mamlakatimizning har bir hududida eksportchilarni va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika shtabining bo‘linmalari kechayu-kunduz rejimida ish olib borayotgani, istalgan vaqtda murojaat qabul qilishga, muammoni o‘rganishga va uni hal etish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklari ta'kidlandi.
Hukumat komissiyasi va Respublika shtabi ishlarining bugungi kungacha erishgan natijalari o‘rganilgan korxonalar, aniqlangan muammolar va qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi aniq raqamlar tasvirlangan taqdimot shaklida ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, vebinar davomida O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi M.Umarov so‘zga chiqib, eksport sohasidagi eng dolzarb muammolar va ushbu muammolarni hal qilish bo‘yicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Eksportni rag‘batlantirish agentligi bilan samarali hamkorlik qilish to‘g‘risida gapirdi. Shuningdek, u qabul qilingan Farmonning afzalliklarini tadbirkorlar nuqtai nazaridan bayon qilib, hujjatning alohida bandlari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berdi.
Vebinar doirasida savol-javob sessiyasi ham tashkil etildi va uning davomida tadbirkorlar tashqi savdo faoliyati va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan bog‘liq bo‘lgan hamda o‘zilarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha batafsil ma'lumot va maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
«Bugungi tadbir shuni ko‘rsatdiki, bevosita tadbirkorlik sub'ektlari bilan jonli muloqot ularga davlat tomonidan olib borilayotgan ishlarning mohiyatini tez va to‘liq yetkazish imkoniyatini beradi. Axir, bizning vazirligimiz biznesni qo‘llab-quvvatlash va davlat hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha har bir ishi oxir-oqibat makroiqtisodiy barqarorlikka hissa qo‘shishi va barcha fuqarolarga foyda keltirishi kerak. Tezlik va samaradorlik bu yerda juda muhimdir, shuning uchun biz asosiy auditoriyalar bilan o‘zaro aloqaning ushbu formatini rivojlantirish niyatidamiz », - dedi A. Voitov.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi