Mamlakatimizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerlar mavjud. Shundan 1,9 mln gektari turli darajada sho‘rlangan.
Xabaringiz bor, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi doirasida BMT Taraqqiyot dasturi “Texnik salohiyatni mustahkamlash” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi ushbu loyihaning milliy hamkori hisoblanadi.
Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasining “Meliorativ tarmog‘i uchun monitoring va axborot almashish” tizimi yaratildi. Ushbu tizim Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi 13 ta ekspedisiyadan olingan melioratsiya ma'lumotlari bazasini shakllantiradi va to‘plangan ma'lumotlar Suv xo‘jaligi vazirligida jamlanadi.
Natijalar geoaxborot tizimlari orqali tahlil qilinadi. Yer osti suvlarining sathi va minerallashuvi, tuproq sho‘rlanishi, kollektor-drenaj suvlarining miqdori hamda suv-tuz balansi to‘g‘risida ma'lumotlar bazasi yaratiladi.
Geoaxborot tizimlari sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini kuzatish, sug‘oriladigan yerlardagi yer osti suvlari va tuz balansi darajasini tartibga solish, kimyoviy, agromeliorativ va agrotexnik tadbirlarni belgilash va rejalashtirish, sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilash, suv-er resurslarining unumdorligini oshirish uchun kollektor-drenaj tarmog‘ini takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Monitoring tizimini yaratish uchun loyiha tomonidan 14 ta server va 52 ta ofis uskunalari, 14 ta rangli ko‘p funksiyali printer va xarita ko‘rinishidagi materiallarni chop etish uchun 14 ta plotter sotib olindi. 150 ta GPS moslamalari tuman irrigasiya bo‘limlariga tegishli meliorativ quduq va postlardan ma'lumot olish chog‘ida ularning joylashgan o‘rnini aniqlash uchun foydalaniladi. Uskunalar ArcGIS S dasturi va boshqa dasturiy mahsulotlar bilan jihozlangan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi suv хo‘jаligi vаzirligi