Viloyat hokimligida xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida 2020-yil yakuni va 2021-yil may oyigacha oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Sessiyada 1 million 872 mingdan ziyod aholisi boʻlgan Xorazm viloyatida koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash, zarur miqdorda oziq-ovqat zaxirasini yaratish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha muayyan ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
Maʼlumki, joriy yilning 16-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada kechiktirib boʻlmaydigan bir qator vazifalar belgilib berildi.
Sessiyada viloyat hokimi Farxod Ermanovning hisoboti tinglandi.
– Viloyatimiz aholisi uchun 2020-yil noyabrdan 2021-yil maygacha boʻlgan davrga qadar aholi isteʼmoli uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni hisob-kitob qildik, – deydi F.Ermanov. – Xususan, tibbiyot meʼyorlariga asosan 6 oylik talab mol va qoʻy goʻshti 26 ming 200 tonna, parranda goʻshti 13 ming 900 tonna, baliq 6 ming 600 tonna, kartoshka 49 ming 200 tonna, guruch 9 ming 200 tonna, un 73 ming 100 tonna, shakar 10 ming 300 tonna, tuxum 194 million 700 ming dona, oʻsimlik yogʻi 8,5 ming tonna, piyoz 6 ming 300 ming tonna va sabzi 18 ming 3 ming tonna sabzidan iborat. Viloyatda aholining goʻsht, parranda goʻshti va tuxum mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish maqsadida chorvachilik va parrandachilik sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilda chorvachilik bilan shugʻullanuvchi 96 tadbirkorga 185 milliard va parrandichlik yoʻnalishidagi 24 nafar tadbirkorlarga 45 milliard soʻmlik kredit mablagʻlari ajratildi. Baliq mahsuloti 731 ta baliqchilik xoʻjaliklari va 3 ta klaster fermer xoʻjaliklari tomonidan aholiga arzon narxlarda yetkazib beriladi.
Viloyat hokimining soʻzlariga koʻra, hududda kartoshka va piyoz mahsulotlariga ichki talabni inobatga olgan holda 20 ming tonna kartoshka hamda 10 ming tonna piyoz mahsuloti Rossiya davlatidan hamda Samarqand va Toshkent viloyatlaridan sotib olinadi. Guruch mahsuloti ham fermer xoʻjaliklar tomonidan asosiy va takroriy maydonlarda yetishtirilgan guruchni shartnoma asosida davlat zaxirasiga xarid qilish ishlari olib borilmoqda. Un, shakar va oʻsimlik yogʻi mahsulotlarining ham yetarli bazasi yaratiladi.
Sessiyada bugungi kunda koronavirus pandemiyasi talablarini inobatga olgan holda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida viloyat hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash jamgʻarmasi tuzilganligi maʼlum qilindi. Ushbu mablagʻlarining maqsadli va aniq sarflanishi qatʼiy nazoratga olinadi. Viloyatdagi shahar va tumanlarning har bir mahallasida oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishga moʻljallangan kichik savdo doʻkonlari tashkil etilishi maʼlum qilindi.
– Dehqon bozorlarida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, aholining narx-navo boʻyicha fikr-mulohazalarini tahlil qilib borish maqsadida “Kol-sentr” tashkil etiladi, – deydi F.Ermanov. – Bugungi kunda aholini amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning muammolari yechimi boʻyicha hisobotlar berish maqsadida shaharlar va tumanlar hokimlari hamda sektor rahbarlari tomonidan oʻz hududida yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar hamda narx-navo boʻyicha televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda doimiy chiqishlar tashkil etiladi. Aholimizning joriy yil noyabr kelgusi yilning aprel oylari uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondiriladi. Buni amalga oshirish uchun tizimli ishlar tashkil etilgan. Bozorlarda narx-navoning asossiz oʻsishini oldini olish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlar ham belgilab olingan.
Sessiyada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash, mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish masalalari yuzasidan viloyat sektor rahbarlarining axboroti va deputatlarning fikrlari tinglandi. Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi. Muhokama qilingan masalalar boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.
Manba: O'zA