O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Surxondaryoga oʻsimlik yogʻi va shakar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijdan olib kelinadi, narxi 25 foizgacha arzonlashadi

2020-10-25 | Iqtisodiyot

Bu haqda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida maʼlum qilindi.

Unda vohada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ichki bozordagi narx-navo asossiz oʻsib ketishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.

Videoselektor shaklida oʻtkazilgan sessiyada viloyat studiyasida xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat hokimi oʻrinbosarlari va mutasaddi xodimlari, sektorlar, tashkilot va korxonalar rahbarlari, ommaviy-axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shahar va tuman studiyalarida toʻrtta sektor rahbarlari, hududdan viloyat kengashiga saylangan deputatlar, doimiy komissiyalar raislari, shahar, tuman hokimi oʻrinbosarlari qatnashdi.

Joriy yilning 16-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada zudlik bilan amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham kuz-qish va bahor faslida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, narxlarning asossiz oʻsib ketishining oldini olish va mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berish boʻyicha aniq hisob-kitobga asoslangan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Viloyat hokimi Toʻra Bobolov boshqarib borgan sessiyada mazkur masala yuzasidan viloyat toʻrt sektori rahbarlarining hisoboti tinglanib, atroflicha muhokama etildi.

Vohada aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jumladan, goʻsht, kartoshka, guruch, piyoz, un, shakar, tuxum va oʻsimlik yogʻiga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish, bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash uchun shtab, joylarda ishchi guruhlar tashkil etilib, vazifalari belgilab olingan.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil noyabr va yangi yilning qish-bahor fasli uchun viloyat aholisining goʻsht, un va tuxumga boʻlgan ehtiyojini viloyatning ichki imkoniyatlari hisobidan, baliq, kartoshka, guruch va piyoz mahsulotlarini qisman boshqa viloyatlardan olib kelish hisobiga hamda shakar va oʻsimlik yogʻi import hisobidan qoplanadi.

Viloyatda aholining goʻsht mahsulotiga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish imkoniyati mavjud. Jumladan, soʻnggi uch yilda chorvachilik bilan shugʻullanuvchi 153 tadbirkorga 237 milliard soʻmlik va parrandachilik yoʻnalishidagi 41 tadbirkorga 322 milliard soʻmlik kredit mablagʻi ajratilgan. Buning evaziga zotli chorva mollari 27,4 ming boshga va parranda soni 1,5 milliontaga koʻpayishiga erishildi.

Tahlillarga koʻra, 2021-yilning may oyigacha qora mol va qoʻy goʻshtiga boʻlgan ehtiyoj 60,5 ming tonnani, tuxumga boʻlgan talab 277 million donani tashkil etadi. Bu talablar ichki imkoniyat hisobidan toʻliq qondiriladi.

Ayni paytda viloyatda 981 ming bosh yirik shoxli, 2 million 400 ming mayda shoxli chorva mollari parvarish qilinmoqda. 5 million parranda boqilayotir. Aholi ehtiyojlarini qondirish maqsadida soʻnggi uch yilda viloyatga chetdan 27,4 ming bosh goʻsht va sut yoʻnalishidagi naslli chorva mollari keltirilib, 280 bosh molning nasli yangilandi.

Viloyat aholisining kartoshka, guruch, piyoz va baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun ularni tadbirkorlik subyektlari bilan mamlakatning boshqa hududlaridan olib kelish yoʻlga qoʻyilib, Samarqanddan 109 ta, Toshkent viloyatidan 18 ta va Jizzaxdan 51 taʼminotchi bilan shartnoma tuzildi.

Taqdimotda aholining kartoshkaga boʻlgan ehtiyoji 84,4 ming, guruchga talabi 12,7 ming tonnani tashkil etishi koʻrsatib berildi. Kartoshkaning 71,7 ming tonnasi mahalliy va 12,7 ming tonnasi import hisobidan, guruchning 8,9 ming tonnasi voha imkoniyatlaridan, 3,8 ming tonnasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hisobidan qoplanishi taqdim etildi. Mahalliy guruch viloyatda takroriy ekin sifatida yetishtirilgan 3 ming 897 gektar va Muzrabot tumanining chegara hududidagi 2,5 ming gektar yerda parvarishlangan sholi evaziga qoplanadi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston va xorazmlik oʻn tadbirkor bilan aholi ehtiyoji uchun 3,8 ming tonnadan ortiq guruch mahsulotini xarid qilish boʻyicha shartnoma imzolandi. Viloyat bozorlarida shakar va oʻsimlik yogʻining narxi oshayotgani oʻrganilganida bu mahsulotlar vohaga toʻgʻridan-toʻgʻri import qilinmay, uch-toʻrt vositachi orqali olib kelinayotgani va ular tomonidan ustama narx qoʻyilayotgani aniqlandi. Hisob-kitoblar esa shakar va oʻsimlik yogʻi voha tadbirkorlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri import qilinsa, mahsulotlar narxi 20-25 foizga arzonlashishi maʼlum boʻldi. Bu turdagi mahsulotlarni vohaga import qilish uchun 12 ta taʼminotchi korxona bilan kelishib olindi.

Viloyat aholisining oʻsimlik yogʻiga ehtiyoji 19,1 ming tonnani tashkil etib, uning 16,2 ming tonnasini vohadagi “Surxonoziqovqatsanoat”, “Agroxizmat Shingdong” aksiyadorlik jamiyatlari va “Sharif-N” masʼuliyati cheklangan jamiyati yetkazib beradi. Qolgan qismini import qilish uchun muayyan ishlar boshlab yuborildi.

Aholini shakar bilan uzluksiz taʼminlash uchun ehtiyoj seziladigan 16 ming tonna mahsulot toʻliq xorijdan olib kelinadi.

Davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini uzluksiz qondirish maqsadida viloyat hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash jamgʻarmasi tashkil etilayotir. Uning mablagʻi mahalliy byudjet daromadlari prognozining oshirib bajarilgan qismidan zarur mablagʻ ajratilmoqda.

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik subyektlari qoʻllab-quvvatlanib, bozorlarni yetarli oziq-ovqat mahsulotlari bilan muttasil taʼminlash va ularga boʻlgan talabni toʻliq qondirish maqsadida mahsulotlarni talab etiladigan miqdorlarda yetkazib berish uchun ssudalar beriladi. Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narx-navosini aholiga maqbul darajada saqlab turish uchun ularni yetkazib berish xarajatlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Mablagʻlarning maqsadli va aniq sarflanishi qatʼiy nazoratga olinadi.

Mahallalarda oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishga moʻljallangan kichik eko-bozor va savdo doʻkonlari tashkil etilishi ham aholi uchun yana bir qulaylik boʻladi. Bunda istemolchilarning transport va boshqa turdagi harajatlari qisqarib, karantin talablari boʻyicha aholining bir joyda toʻplanib qolishining oldi olinadi. Natijada infeksiya keng tarqalishini cheklash imkoniyati paydo boʻladi.

Dehqon bozorlarida sektorlar rahbarlarining navbati bilan kunlik nazorat oʻrnatishi yoʻlga qoʻyiladi.Mahalliy deputatlar va faollardan iborat jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etiladi. Bozorlarda xizmat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda aholining narx-navo boʻyicha fikr-mulohazalarini tahlil qilib borish uchun “Call-centre” tashkil etilayotir. Bu yerga kelib tushadigan murojaatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi mutasaddilari bilan oʻz vaqtida oʻrganilib, zarur choralar koʻriladi.

Viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻlida belgilab olingan vazifalarni izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlar tashkil etilayotgani bozorlarda narx-navo asossiz oʻsishining oldini olib, voha aholisining osuda, toʻkin turmush kechirishiga xizmat qiladi.

Sessiyada mutasaddilarga bu borada belgilab olingan chora-tadbirlar ijrosini soʻzsiz bajarish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O.Iminov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayev ishtirok etdi.

 

 

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV

Manba: O'zA

Поделиться