Navoiy viloyatida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ichki isteʼmoldan ortiqcha qismi boshqa hududlarga sotilgan hamda 17 million 378 ming AQSH dollari qiymatidagi 12 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot 15 dan ortiq davlatlarga eksport qilingan.
Bu haqida viloyat hokimi Qobul Tursunov xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlariga bagʻishlangan navbatdagi X sessiyada maʼlum qildi.
Shuningdek, viloyatda chorvachilik sohasini rivojlantirishdagi keng imkoniyatlar tufayli soʻnggi yillarda qoramollar soni 502,7 ming, qoʻy va echkilar 2,3 million, otlar 20,2 ming boshni hamda parrandalar 3 milliontani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha ravishda 43 ta xoʻjalikka 6,7 milliard soʻmlik subsidiya mablagʻlari evaziga xorijdan 2,5 ming bosh naslli va zotdor qoramollar keltirilishi rejalashtirilgan.
Keyingi vaqtlarda ichki bozorda ayrim mahsulotlar narxi oshgani barchaga maʼlum. Viloyat hokimi buning asosiy sabablaridan biri “chaqqon olibsotar”lar ekanligini taʼkidladi.
– “Oxirgi vaqtlarda ichki bozorimizda goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi, un va shakar kabi asosiy isteʼmol mahsulotlari narxining beqarorligi kuzatilmoqda. Buning asosiy sababi esa fidoyi fermer va dehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari «chaqqon olibsotar”lar tomonidan 4-5-marta qoʻlma-qoʻl boʻlib, keyin xalqimiz dasturxoniga yetib borayotganidadir», – dedi Qobil Tursunov.
Taʼkidlanishicha, buning oldini olish uchun “daladan rastagacha” tamoyili asosida aholini arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash uchun 12 ta “Tayyorlov savdo” korxonalari tashkil etilgan.
Viloyatda joriy yilda 207,3 ming tonnadan ortiq gʻalla xirmoni yaratilgan boʻlib, 2021-yilning aprel oyiga qadar viloyat aholosining un mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji 37,7 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 37,2 ming tonnasi mahalliy va 0,5 ming tonnasi import mahsulot hisobidan qoplanadi.
Bugungi kunda hududda 2 ta yirik va 5 ta kichik un ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Yil yakuniga qadar yana 2 ta donni qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi. Buning hisobiga aholini un mahsulotiga boʻlgan talabi toʻliq qondiriladi va eksportga yetkazib berishga ham erishiladi.
Soʻnggi uch yilda viloyatimizda oziq-ovqat, chorvachilik, meva-sabzavotchilik va qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirish uchun 1,5 trillion soʻmga yaqin kredit mablagʻlari ajratildi. Shundan birgina goʻsht mahsulotlari yetishtirishning asosini tashkil etuvchi chorvachilik sohasining oʻziga 800 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Bugungi kunga qadar qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida xorijiy investitsiya ishtirokida 37 ta korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda. 2019-2020-yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida jami 178 ta loyihalar ishga tushirilib, ushbu maqsadlar uchun 533,2 milliard soʻm investitsiyalar yoʻnaltirildi.
Ayni paytda viloyatda 502,7 ming bosh yirik shoxli mol, 2,3 million bosh qoʻy va echki, 20,2 ming bosh ot hamda 3 milliondan ortiq parranda boqilmoqda.
Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 43 ta xoʻjalikka 6,7 milliard soʻmlik subsidiya mablagʻlari evaziga xorijdan 2,5 ming bosh zotdor qoramol keltirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 31 ta loyiha boʻyicha 5,1 ming bosh chorva mollari boqiladigan xoʻjaliklar tashkil etiladi. 2021-yilda esa 46 ta loyiha boʻyicha 19 ming bosh qoramolchilik xoʻjaliklari tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Muhim jihati, shundan 14 tasi yirik boʻrdoqchilik kompleksi boʻlib, ularning har birida 1000 boshdan ortiq qoramol boqiladi.
Viloyatda yiliga 103,3 ming tonna goʻsht ishlab chiqariladi, buning 41,3 ming tonnasi hudud aholisi ehtiyojlari uchun yoʻnaltiriladi.
Sessiyada 2021-yilning may oyiga qadar viloyatda kartoshkaga boʻlgan ehtiyoj 21,7 ming tonnani tashkil etib, shundan 13,7 ming tonnasi yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan, 8 ming tonnasi esa import hisobidan qoplanishi maʼlum qilindi.
Viloyatda 2020-2021-yil qish-bahor mavsumi uchun 12 ming tonna kartoshka zaxirasi yaratish rejalashtirilgan. Hozirda 94 ta tayyorlov korxonalari bilan yetkazib beruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari oʻrtasida shartnomalar tuzilib, jamgʻarish ishlari boshlab yuborilgan.
Yana bir eʼtiborli jihat shundaki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikada ilk bor Navoiy viloyatining 32,5 ming gektar paxta maydonlarida 100 foiz paxtachilik klasterlari tashkil etilgan edi.
Navoiyda 2021-yilda yangi tajriba asosida 5 ming gektar gʻoʻza oralariga, 12 ming gektar gʻalladan boʻshagan takroriy ekin maydonlariga kungaboqar va soya ekish rejalashtirilmoqda.
Taʼkidlanishicha, hozirda viloyatda quvvati 14 ming tonna boʻlgan 3 ta yirik yogʻ ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. 2020-yilda Qiziltepa va Xatirchi tumanlarida quvvati 10 ming tonna boʻlgan 2 ta yogʻ ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, Navoiy viloyati aholisining oʻsimlik yogʻiga boʻlgan ehtiyoji soʻnggi 6 oy uchun 4,7 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 2,5 ming tonnasi mahalliy va 2,2 ming tonnasi import mahsulot hisobidan qoplanadi.
Aholini uzluksiz oziq-ovqat bilan taʼminlashda mahsulotlarni saqlash quvvatlarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash hajmlariga mos 110 ta – sigʻimi 33 ming tonnadan ortiq omborxonalar va sovutish sigʻimlari mavjud.
Ushbu omborxonalardan zaxira tadbirlari uchun belgilangan 23 ming tonna hajmlarni saqlashga ixtisoslashgan 390 ta tashkilotlarga oʻz faoliyatlarini amalga oshirish uchun 24 milliard soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Isteʼmol bozorlarimizni daladan rastagacha tamoyili asosida arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlab borish uchun 12 ta, xususan har bir markaziy bozorlar hududlarida “Tayyorlov savdo” korxonalari tashkil etildi.
Ushbu maskanlarda mahsulotlar oʻz narxida viloyat aholisi yetkazib beriladi. Bunda moliyalashtirish mablagʻlarining 60 foizi hokimliklar jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini jamgʻarish jarayonida ochiq tanlov asosida ichki ehtiyojni qoplash isteʼmolga yetishmaydigan mahsulotlarni, yaʼni 8 ming tonna kartoshka, 0,5 ming tonna un, 1,8 ming tonna shakar, 2,2 ming tonna oʻsimlik yogʻi mahsulotlarini import qilish uchun importyor korxonalar bilan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, sessiyada Prezidentimiz rahbarligida 2020-yil 24-sentabr kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijasiga koʻra “qoniqarsiz”, “oʻrta” va “yaxshi” baholangan tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi muhim vazifalar, Navoiy viloyatidagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasiga tadbirkorlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar tahlili, davlatimiz rahbari raisligida 2020-yil 19-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlat byudjetiga tushumlar va belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi yuzasidan berilgan ustuvor vazifalar va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Abduvali BOʻRIYEV, Siroj Aslonov (foto)
Manba: O'zA