Qorako‘l Buxoro viloyatining janubida joylashgan. Tuman asosan qishloq xo‘jaligi — paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan.
Tumanda qorako‘l terisi azaldan mashhur. Bugun Qorako‘l iqtidorli yoshlari bilan ham tanilib bormoqda. Yurtimizda tumandagi Xalqaro matematika maktabini bilmagan va eshitmagan odam topilmasa kerak.
Maktab hovlisida bizni yoshi ulug‘roq kishi kutib oldi. O‘zimizni tantishtirgach, to‘g‘ri direktorning xonasi tomon yurdik. Maktab direktori Temur Ro‘ziev bizni ochiq chehra bilan qarshiladi. Suhbatimiz birpasda qizib ketdi. Ushbu maskan dastlab ixtisoslashgan maktab-internat shaklida tashkil etilgan. 2019-yilda unga Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi maqomi berildi. O‘tgan davr mobaynida maktab o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 20 ta oltin, 9 ta kumush va 9 ta bronza medal' sohibi bo‘ldi. Shu bois, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ushbu maktab faoliyatiga alohida to‘xtalib: “Bugun ushbu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortig‘i oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiryapti. Xalqaro olimpiadalardan eng ko‘p medal' olib kelayotganlar ham aynan shu maktabning o‘quvchilari hisoblanadi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan, hattoki poytaxt Toshkentdan ham odamlar o‘z farzandini Qorako‘lga olib borib, ana shu maktabga o‘qishga berishyapti. Biz bu ta'lim maskani erishayotgan katta yutuqlarni inobatga olib, o‘tgan yili uni Xalqaro matematika maktabiga aylantirdik”, dedi.
Darhaqiqat, Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabini bugungi kunda mamlakatimizdan tashqarida ham yaxshi bilishadi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Maktab uchun, ayniqsa, 2019-yil omadli keldi. Maktab o‘quvchilari Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika olimpiadasida yakkalik bahsida 1 ta oltin, 2 ta bronza, jamoaviy bahsda esa 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘ziga xos o‘qitish uslubi
Xalqaro matematika maktabida o‘quvchilar 3 ta – texnika (matematika-fizika), iqtisodiyot (matematika-ingliz tili) hamda tabiiy (kimyo-biologiya) fanlari bo‘yicha bilim oladi. Maktabga o‘quvchilar 7-sinfdan qabul qilinadi. Qabul jarayonlari adolat va shaffoflik tamoyillari asosida bo‘ladi. Talabgor o‘quvchi ikki marotaba imtihon topshiradi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchi ikkinchi sinovga hozirlik ko‘radi. Har ikki jarayon ham o‘quvchilarning ota-onalari yoki yaqinlari ishtirokida o‘tadi va talabgorlar olgan baho shu kunning o‘zidayoq e'lon qilinadi. Bu esa, tabiiyki, qobiliyatli, zukko, bilimga chanqoq yoshlarni saralab olishga imkon beradi. Eng muhimi, qabul jarayonida tamagirlik, qarindosh-urug‘chilik hamda ta'lim tizimiga salbiy ta'sir etuvchi boshqa omillarga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘quv mashg‘ulotlari aniq jadval asosida olib boriladi. Dars ertalab soat 8:00 da boshlanib, 45 daqiqa davom etadi. O‘qituvchi ham, o‘quvchilar ham darsga mas'uliyat bilan yondashadi. Tushlikdan so‘ng o‘quvchilar mustaqil tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ustozlari ko‘magida olgan bilimlarini mustahkamlaydilar.
Ta'kidlash joizki, xalqaro maktabda har bir o‘quvchi oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishga tayyorlanish bilan bir qatorda, bosqichma-bosqich xalqaro olimpiadalarga ham tayyorgarlik ko‘radi. Eng muhimi, har bir o‘quvchiga individual tarzda yondashiladi va o‘zaro sog‘lom raqobat muhiti asosida bolalarning bilimi, salohiyati oshirib boriladi. Bu esa, o‘z navbatida, maktabda faoliyat yuritayotgan pedagoglardan ham fidoyilik, yuksak bilim, madaniyat talab etadi va shu asosda ularning reytingi shakllantiriladi.
Maktabning o‘ziga xos o‘qitish uslubi bor. Hamma o‘quvchi yotoqxonada yashaydi. Oy yakunida o‘quvchilar va ona-onalar yig‘ilishini o‘tkazish an'anaga aylangan. Yig‘ilishda o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirish darajasi, odob-axloqi, yutuq va kamchiliklari jamoa orasida muhokama qilinadi. Deylik, a'lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchining ota-onasiga tashakkur aytilsa, nisbatan pastroq ko‘rsatkich qayd etgan o‘quvchining ota-onasiga jamoaviy tanbeh beriladi. Buning natijasida ham o‘quvchi, ham uning ota-onasida yaxshi ko‘rsatkichga erishish uchun intilish va ishtiyoq paydo bo‘ladi.
Yana bir samarali uslub “muloqot” deb nomlanadi. Bunda o‘quvchilarning bir hafta mobaynida erishgan yutuq va kamchiliklari e'lon qilib boriladi. Hozir karantin tufayli bunday tadbirlar onlayn tarzda o‘tkazilyapti. E'tiborimizni tortgan yana bir jihat “ishonch qutisi” bo‘ldi. Unga o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘quv jarayoni qay tarzda kechayotgani, mavjud muammo va kamchiliklar, ularning yechimlari, shuningdek, ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirishga oid fikr, taklif va mulohazalarini tashlash imkoniga ega bo‘ladilar. “Ishonch qutisi”ga tashlangan murojaatlarni maktab direktori har oyda xolisona o‘rganib chiqib, chora-tadbirlar ko‘radi.
An'analar davom etadi...
Xalqaro matematika maktabi erishayotgan yutuqlarda, shubhasiz, o‘qituvchi-pedagoglarning alohida o‘rni bor. Eng qizig‘i, 52 nafar o‘qituvchining aksariyati shu maktabning bitiruvchilari. Ular bugun ustoz muallim, ushbu maktabning asoschisi To‘xtamurod Jumaev boshlab bergan an'analarni munosib davom ettirmoqda. Bu insonga xos fidoyilik, tinimsiz izlanish va mehnatsevarlik shogirdlariga ham o‘tgan.
— Oddiy qishloq maktabining xalqaro maqomga ega bo‘lib, jahonga tanilishida To‘xtamurod akaning hissasi va mehnati beqiyos, — deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Temur Ro‘ziev. — Yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad bilgan ustoz butun umrini yosh avlod ta'lim-tarbiyasiga bag‘ishladi. Olis tumanda joylashgan maktabni butun mamlakatga tanitdi. Shu bois, To‘xtamurod akaning bu mehnatlari davlatimizning yana bir yuksak mukofoti — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga munosib ko‘rildi.
O‘zaro hamkorlik
Maktabfaoliyati bilan yaqindan tanishish asnosida o‘z kasbining jonkuyar muallimlari bilan suhbatlarimiz o‘zaro fikr almashish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish xususida kechdi. Kezi kelganda, shuni ham aytish kerakki, Xalqaro matematika maktabi va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida bir necha yildan buyon ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu ta'lim maskanida bilim olgan bir qancha iqtidorli yoshlar akademiyani muvaffaqiyatli tamomlab, ayni paytda respublikamiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari safida samarali xizmat qilmoqda. Xalqaro maktab jamoasi ular bilan doimo faxrlanadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan maktabning yangi binosida qurilish ishlari yakunlanish arafasida turibdi. Maktab hademay nomiga munosib, zamonaviy binoga ega bo‘ladi. Kelajakda shu yerning o‘zida oliy ta'lim muassasasini tashkil etish va zamonaviy klaster usulida kadrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Maktab o‘quvchilarining xorijiy tillarda bemalol so‘zlay olishlarini ko‘rib ham hayratlandik, ham quvondik. Chunki ular bu yerda xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlashtiruvchi IELTS dasturi asosida ta'lim olishmoqda. Suhbatlarimiz asnosida ularning kelajakda yangi O‘zbekistonning munosib egalari va bunyodkorlari bo‘lishlariga ishonchimiz yanada ortdi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»