O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiyada o‘tkazilgan «O‘zbek tilidagi eng yaxshi video» tanlovi g‘olib va sovrindorlari aniqlandi
2020-10-24 | Madaniyat
Mamlakatimizning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi tomonidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun «O‘zbek tilidagi eng yaxshi video» mavzusida tanlov e’lon qilingan edi. Kuni kecha tanlov yakunlariga bag‘ishlangan onlayn video-konferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Konferensiyada Turkiyaning Bursa viloyati Usmong‘ozi tumani hokimi o‘rinbosari Jem Xasanoglu, Turkiyadagi turkistonliklarga madaniy va ijtimoiy yordamlashish jamiyati raisi Akbar Yassa, Turkiya Eski shahar universiteti professori Salohiddin To‘lqin, «Gul production» kino-kompaniyasi rahbari Muattar Ergen, Turkiyadagi o‘zbek diasporasi vakillari, Afg‘oniston o‘zbeklari diasporasi vakillari, Istanbul shahri Oydin universiteti talabalari hamda o‘zbek tiliga qiziqishi baland turk millatiga mansub fuqarolar qatnashdi.
Ta’kidlash joiz, tanlov Turkiya fuqarolari va ushbu mamlakatda yashayotgan o‘zbeklar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Yakunda tanlovga taqdim etilgan 30 ta videorolik ichidan eng yaxshilari tanlab olindi.
Natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni 34 bal bilan Emre Shenturk, Esra va Yusuf Yurtash qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa 32 bal bilan Nursel Ergin — ona allasi videoroligi uchun loyiq ko‘rildi. Uchinchi o‘rinni esa 29 bal bilan Sefa Zengin hamda Mehmet Emin Sharxan egalladi.
— Men uchinchi avlod o‘zbek vakiliman, — dedi Jem Xasanoglu. — O‘zbek tiliga hurmatim baland. Hozirgi kunda o‘zbek tilini chuqur o‘rganyapman. Do‘stlarimga kelgusi yilda nishonlanadigan til bayramida o‘zbek tilida bundan-da ravon so‘zlashni va’da qilaman. Fursatdan foydalanib, 2021 yilda rejalashtirilayotgan til bayramini Bursa shahrida ham keng nishonlashni taklif etaman.
Turkiyadagi turkistonliklarga madaniy va ijtimoiy yordamlashish jamiyati raisi Akbar Yassa ham ushbu videokonferensiyada faol qatnashib, o‘zi raislik qilayotgan jamiyat qoshida ulg‘ayib kelayotgan yoshlarga o‘zbek tilini o‘rgatish to‘garaklari faoliyat olib borayotganini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlaganini faxrli, deya qayd etdi.
Tadbirda Turkiyaning Eski shahar universiteti professori Salohiddin To‘lqin ham so‘zga chiqdi. U xalqaro miqyosda keng faoliyat yuritadigan, shu bilan birga, xorij davlatlarining teleradio kanallarida ham o‘zbek milliy telekanalini tashkil qilishni taklif qildi.
Uning qayd etishicha, bu xorijdagi o‘zbeklarning o‘z ona tilini keyingi avlodga yetkazishda amaliy ta’sir qiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi