O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbek tili kuni Tojikistonda bayram qilindi
2020-10-24 | Madaniyat
O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Tojikistondagi O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda bayram tadbirlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Adabiy kechada o‘zbek tili mutaxassislari, tarjimonlar, o‘zbek tili va adabiyoti ixlosmandlari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ishtirok etib, ushbu oliy minbardan O‘zbekiston tarixida ilk bor davlat tili, buyuk davlat arbobi, shoir, mutafakkir Alisher Navoiy tili – o‘zbek tilida nutq so‘zlaganini e’tirof etdi.
Tadbirda O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov Tojikistonda o‘zbek tilini rivojlantirish va uning nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
— Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» mavzusidagi videomuloqotda Tojikiston vakillari ham ishtirok etdi, — dedi Ilhom Yusupov. — Shu bilan birga, «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» xalqaro tanlovida markaz faoli, jurnalist-yozuvchi H.Zokir sovrindorlar qatoridan o‘rin olgani bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Ushbu tanlovda Tojikiston Respublikasidan 14 kishi o‘z ijodiy ishlari bilan qatnashdi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi