Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qo‘shimcha imkoniyatlari o‘rganildi
Joriy yilning 21-23 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlari tarkibidagi ishchi guruh viloyatdagi har bir tuman va shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini o‘rganish va jadal o‘sishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Buxoro viloyatiga safar tashkil etdi.
Guruhning ishi sanoat, qishloq xo‘jaligi, investitsiyalar, eksport, uy-joy va infratuzilma qurilishi, ijtimoiy rivojlantirish va aholini ish bilan ta'minlash sohalarini qamrab oluvchi 8 ta asosiy yo‘nalishga qaratildi, ularning har biri bo‘yicha tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq idoralari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari tarkibidagi alohida kichik guruhlar tuzildi.
Viloyatning tuman va shaharlariga chiqishlar davomida mavjud muammolarni aniqlash va samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun tadbirkorlar va investisiya loyihalari tashabbuskorlari bilan manzilli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Hududda investisiya va sanoat faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi qadamlar belgilandi - mas'ul rahbarlarga mavjud xomashyo salohiyati va sanoat quvvatlari asosida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish uchun maqbul sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi. Shu nuqtai nazardan, jalb qilingan investisiyalardan maksimal iqtisodiy samaraga erishish uchun loyiha takliflarini ishlab chiqishda “iqtisodiy o‘sish nuqtalarini” aniqlash va ulardan foydalanish muhimligi ta'kidlandi.
Investisiyalarning jozibadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biri bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga infratuzilma loyihalarini jadal amalga oshirish va yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish topshirildi.
Shu bilan birga, mahalliy aholini ishga joylashtirish va barqaror daromad manbai bilan ta'minlash bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rish, jumladan kasanachilik asosida sanoat kooperatsiyasini tashkil etish zarurligi ta'kidlandi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari va doimiy daromad manbalarini yaratish orqali samarali qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”ga kiritilgan, ishsiz yoshlar va ayollar vakillari (“Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”), ijtimoiy zaif oilalarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha tashabbuslar doirasidagi ishlarning borishi ko‘rib chiqildi.
Alohida tartibda paxta klasterlari va hududdagi fermerlar tomonidan paxta yig‘im-terim kampaniyasini amalga oshirishning hozirgi holati o‘rganildi. Majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka, shuningdek, pandemiya sharoitida paxta terimchilariga maxsus kiyimlar, shaxsiy himoya vositalari va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xavfsizlik talablariga rioya etish zarurligi ta'kidlandi.
Xalqaro bozorlarning mas'uliyatli ta'minoti talablariga javob beradigan zamonaviy usul va standartlarni joriy etish orqali ijtimoiy mas'uliyatli va ekologik barqaror paxta ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yishning muhimligi qayd etildi. Shuningdek, paxta xomashyosini terishda fermerlar va paxta klasterlari duch keladigan joriy muammolar ko‘rib chiqildi va ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ishlab chiqildi.
Amalga oshirilgan ishlar yakunida Buxoro viloyatining barcha tuman va shaharlari hokimlari va sektor rahbarlari, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari vakillari, tadbirkorlar, fermerlar va paxta klasterlari rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, uning davomida ishning asosiy yo‘nalishlari doirasidagi birinchi navbatdagi vazifalar belgilanib olindi va mas'ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan hamda muddatlar va ijrochilar ko‘rsatilgan holda alohida “Yo‘l xaritasi” tuzildi. Bosh prokuratura “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan samarali monitoring o‘tkazib, o‘ziga yuklangan vazifalar ijrosini muddatida bajarmagan mas'ul shaxslarga nisbatan qat'iy choralar ko‘radi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi