Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da O‘zbekiston Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan “Yosh tadbirkorga ko‘makdoshmiz” loyihasi doirasida tadbirkor ayollar va yoshlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir qabulxonasining Navoiy viloyatidagi Tadbirkorlarning jamoatchilik Kengashi raisi Sardor G‘afforov ishtirok etib, tadbirkorlikka endi kirib kelgan va istagida yoshlar hamda xotin-qizlarning biznes borasidagi ko‘nikmalarini oshirish borasida ularga o‘zining boy tajribalarini o‘rtoqlashdi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan taklif, mulohazalar bilan bir qatorda, 50 taga yaqin turli yo‘nalishdagi murojaatlar o‘rtaga tashlanib, ularning 24 tasi joyida hal etildi. 12 tasiga qonuniy tushuntirish berilib, 13 tasi muddat talab qilganligi bois, o‘rganib chiqish uchun nazoratga olindi.
Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarni muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ular bilan do‘stona muloqot qilishga qaratilgan.
Muloqot so‘nggida bu kabi uchrashuvlar doimiy o‘tkazib turilishiga kelishib olindi.
Siroj ASLONOV (surat)
Manba: O'zA