Afg‘oniston Prezidentining birinchi vise-prezidenti va ma'muriyati rahbari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Afg‘oniston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Afg‘oniston Islom Respublikasining birinchi vise-prezidenti Amrulla Solih va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti ma'muriyati rahbari Muhammad Shokir Kargar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida COVID-19 pandemiyasining ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga salbiy ta'sirini minimallashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari, shuningdek, bir qator ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorligini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Afg‘oniston tomoni mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan O‘zbekiston tashabbuslarini samarali qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida avto va temir yo‘l infratuzilmasini qurish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun logistika majmualari va quvvatlarni yaratish hamda bojxona komplekslarini modernizasiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Afg‘oniston Prezidenti ma'muriyati rahbari Muhammad Shokir Kargar bilan muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalarni belgilashga imkon berdi. Kelishuvlarni amalga oshirish va mavjud masalalarning o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bir necha bor ta'kidlandi.
Xususan, tomonlar ta'lim sohasidagi o‘zaro aloqalar rivojini va ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ijobiy baholadilar. Afg‘oniston talabalarini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga o‘qish uchun yuborishni nazarda tutuvchi Afg‘oniston va O‘zbekiston oliy ta'lim vazirliklari o‘rtasida Memorandumni birgalikda tayyorlashni tezlashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha ikkala mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik doirasida keyingi qadamlar kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi