O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sanoat tarmoqlaridagi natijalar va qoʻshimcha imkoniyatlar muhokama qilindi
2020-10-21 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Pandemiya oqibatlari sanoat ishlab chiqarish surʼatlariga ham taʼsir oʻtkazmay qolmadi. Shu bois davlatimiz tomonidan har bir tarmoqni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tezkor choralar koʻrildi. Karantin davrida ham ishlab chiqarish davom etdi. Bularning natijasida sanoatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan jiddiy yoʻqotishlarning oldi olindi.
Eʼtiborlisi, iqtisodiyotda yuqori qoʻshilgan qiymatni taʼminlovchi qayta ishlash sanoatida 9 oyda qariyb 3 foiz oʻsish qayd etildi. Xususan, elektr texnikasi ishlab chiqarish 25 foiz, toʻqimachilik mahsulotlari 12 foiz, metall rudalari qazish 7 foiz va qurilish materiallari 6 foizga oʻsdi.
Shuningdek, avtomobillar 1,5 baravar, elektr texnikasi mahsulotlari 1,3 barobar, toʻqimachilik tovarlari 16 foiz, mis sim 15 foiz koʻp eksport qilindi.
Natijada yalpi ichki mahsulotning oʻsish surʼati 0,4 foiz ijobiy darajada saqlab qolindi va byudjet daromadi 1,9 trillion soʻm ortigʻi bilan bajarilishiga erishildi.
Shu bilan bir qatorda, ayrim tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishda qoloqlikka yoʻl qoʻyilgani oqibatida sanoat mahsulotlari boʻyicha umumiy koʻrsatkich 2,7 foizga kamaygan.
Yigʻilishda bunga sabab boʻlgan omillar tanqidiy tahlil qilinib, yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmlarini taʼminlash chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, sanoat tarmoqlari va hududlarda yana qanday zaxiralar borligi, ularni ishga solish uchun nimalar qilish kerakligi batafsil muhokama qilindi. Pirovard maqsad – eksport, daromad, manfaat.
– Sanoat korxonalari boshqaruv tizimida muammolar bor. Mahsulotlar tannarxini tushirish kerak. Bu raqobat muhitini yaratishning muhim asosidir, – deya taʼkidladi Prezident.
Avval neft-gaz tarmogʻidagi ishlar tahlil qilindi. Qoloqlikka yoʻl qoʻygan korxonalar faoliyati tanqidiy baholanib, rahbarlarning lavozimlariga loyiqlik masalasi koʻrib chiqildi.
Yil yakuni bilan tabiiy gaz qazib olishni koʻpaytirish, ichki bozorga qoʻshimcha gaz yetkazib berish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 740 ming tonna neft va kondensat qazib olish, 203 ming tonna suyultirilgan gaz va 125 ming tonna polietilen ishlab chiqarish vazifasi qoʻyildi.
“Oʻzkimyosanoat” korxonalarida hali rezervlar mavjudligi, ishlab chiqarish hajmini oshirib, eksportga yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi. Qoʻqon superfosfat zavodining birinchi bosqichini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ammiak va karbamid kompleksini ishga tushirish choralari belgilandi.
“Oʻzavtosanoat” boshqaruviga oʻtgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻida traktor va seyalkalar ishlab chiqarish 2 barobar kamaygani koʻrsatib oʻtildi. IV chorakda avtomobillar ishlab chiqarishni 62 mingtaga yetkazib, 165 million dollarlik eksport qilish, butlovchi va ehtiyot qismlarni xorijiy bozorlarga sotishni yoʻlga qoʻyish zarurligi aytildi. Xalqaro ekspertlar bilan birga avtomobil sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Qurilish materiallari, elektr texnikasi va yengil sanoatda ham hali ishlatilmagan zaxiralar bor.
Masalan, qurilish materiallari boʻyicha yil yakunigacha 11 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu orqali yangi mahsulotlar oʻzlashtirilib va mavjud korxonalar quvvati oshirilib, import oʻrnini qoplashga erishiladi.
Elektr texnikasi sanoatida 12 xil mahsulotni mahalliylashtirish loyihasi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari ushbu quvvatlarni tezroq ishga tushirib, raqobatni taʼminlash, tovarlar narxini arzonlashtirib, eksportni kengaytirish muhimligini aytdi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga mavjud quvvatlarni toʻla ishga solish, 100 dan ziyod yangi korxonaga AQSH va Yevropada tan olingan xalqaro sertifikatlar olishda koʻmaklashib, ularni eksportga jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Bozor mexanizmlari toʻliq kirib bormagan tarmoqlarni transformatsiya qilish dolzarb boʻlib bormoqda. Shu bois Prezidentimiz sanoat korxonalari faoliyatini takomillashtirish, xalqaro boshqaruv tizimini joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Yigʻilishda hududiy sanoat korxonalarida mavjud rezervlardan foydalanib, qoʻshimcha ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi.
Oʻtgan 9 oyda mahalliylashtirish borasida 55 ta hududiy loyiha ijrosi kechikkan, 144 ta loyiha boʻyicha ishlab chiqarish hajmi taʼminlanmagan. Oqibatda 720 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlash imkoniyati yoʻqotilgan.
Tegishli vazirlik va hokimliklarga qoloqlikka yoʻl qoʻyilgan loyihalardagi muammolarni bartaraf etish, import oʻrnini bosuvchi yangi istiqbolli yoʻnalishlarni oʻrganib, mahalliylashtirish dasturiga kiritish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Umuman, qolgan uch oyda qiymati 7 milliard dollarlik 80 ta tarmoq va 44 ta hududiy yirik loyihani ishga tushirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
– Bugun eksportchi korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvatlashni kengaytirish boʻyicha farmonni imzoladim. Endi bunday korxonalar uchun yangi tashkil qilinayotgan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha mablagʻlar ajratiladi. Shu maqsadda jamgʻarmaga 100 million dollar berilmoqda. Bu, oʻz navbatida, mahsulotlarni tashqi bozorlarga uzluksiz yetkazib berish uchun korxonalarning aylanma mablagʻlariga yoʻnaltiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir oʻrinbosarlariga bu boradagi vazifalarni tezkor, samarali va manzilli hal qilib borib, yil yakuniga belgilangan koʻrsatkichlarni taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari hisobot berdi.
Manba: O'zA