Joriy yilning 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasining Afg‘oniston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Xanif Atmar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar do‘stlik, ishonch va o‘zaro anglashuv tamoyillariga asoslangan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama muloqotning yuqori darajasini ta'kidlab o‘tdilar. Har ikki davlatning Afg‘onistonda tinchlik jarayonini rivojlantirishning samarali mexanizmlarini shakllantirish zaruratiga asoslangan umumiy pozisiyalarning mushtarakligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan Doha shahrida inklyuziv muzokaralarning borishi ijobiy baholandi.
Shuningdek, tomonlar har ikki davlat hukumatlari tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va cheklovchi choralarning iqtisodiyotning turli sohalari barqaror rivojlanishiga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston tomoni afg‘on xalqiga pandemiya oqibatlarini kelgusida bartaraf etishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga sodiqligini bildirdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishni rag‘batlantiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan transport-logistika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida yo‘lovchi va yuk tashishni tartibga soluvchi bir qator ikki tomonlama hujjatlarni kelishish va mintaqaviy transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga mo‘ljallangan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish muhimligi va bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda tranzit yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshirib, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini ko‘paytirish imkonini berishi ta'kidlandi.
Shu munosabat bilan tomonlar tegishli tuzilmalar rahbarlari darajasida transport masalalari bo‘yicha qo‘shma muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhini tuzish hamda joriy yilning noyabr' oyida videokonferensiya shaklida uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar.
Shuningdek, energetika va ta'lim sohalaridagi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishning qator amaliy jihatlari ko‘rib chiqilib, o‘zaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi va kelgusidagi harakatlar belgilab olindi.
Muzokaralar yakunida Afg‘oniston tomoniga tashrif davomida O‘zbekiston delegasiyasiga mehmondo‘stlikning ko‘rsatilgan yuqori darajasi uchun minnatdorlik izhor etildi. Uchrashuvda muhokama etilgan yo‘nalishlar doirasida hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi