Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining oʻn uchinchi sessiyasida joriy yil 16-oktabr kuni Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalari ijrosi, bu borada olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.
Viloyat kengashi deputatlari, tuman, shahar hokimlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qatnashgan sessiyada keyingi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash, zarur miqdorda oziq-ovqat zaxirasini yaratish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha muayyan ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
Sessiyada viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning hisoboti eshitildi.
Andijon viloyatida joriy yilning oʻtgan davri, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini talab darajasida oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash borasida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Sessiyada belgilangan meʼyorlarga asosan, viloyat aholisi uchun bugungi kunda kishi boshiga talab etiladigan yillik oziq-ovqat mahsulotlari hajmi joriy yilning 9 oyida yetishtirilgan mahsulotlar asosida tahlil qilindi.
Jumladan, viloyat aholisining sabzavot mahsulotlariga boʻlgan talabi 364 ming tonna boʻlgani holda joriy yilda 1 million 111 ming tonna sabzavot yetishtirish belgilangan. Oʻtgan davr, yaʼni 9 oy davomida 965 ming tonna sabzavot mahsulotlari, shuningdek, 160 ming tonna kartoshka yetishtirildi. Bugʻdoydan boʻshagan yerlarga takroriy ekin sifatida ekilgan kartoshkadan 70 ming tonna hosil olindi.
Joriy yilda viloyatda 95 ming tonna goʻsht, 696,1 million dona tuxum yetishtirish belgilangan boʻlib, 9 oyda 72 ming tonna goʻsht (yillik rejaning 76 foizi), 523 million dona tuxum (yillik rejaning 75 foizi) yetishtirildi.
Viloyatda baliq yetishtirish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda. 2020-yilda 20 ming tonna baliq yetishtirish belgilangan boʻlib, oʻtgan 9 oy davomida 10 ming tonna baliq yetishtirildi.
Intensiv usulda Xitoy texnologiyasi asosida baliqchilikni joriy etish va rivojlantirish maqsadida viloyat boʻyicha 156 ta loyiha tashabbuskoriga 226 gektar yer maydoni ajratib berildi. Bugungi kunda 101 ta toʻliq, 55 ta yarim intensiv usulda baliq yetishtirish uchun ajratib berilgan 83,5 gektar yer maydonida loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu borada, Ulugʻnor tumanida 60 ta loyiha uchun 84,2 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, ayni paytda barcha koʻllarga intensiv dastgohlar qoʻyilib, baliq parvarishlanmoqda. Olib borilayotgan ishlar yil oxiriga qadar belgilangan miqdorda baliq yetishtirish imkonini beradi.
Viloyatda 37 ta parrandachilik, 37 ta echkichilik, 42 ta quyonchilik klasterlari tashkil etilgan. Tanlab olingan klasterlarga shu kungacha 150 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.
Tashkil etilgan klasterlar tomonidan hozirga qadar aholiga 62,3 ming bosh quyon, 17 ming bosh echki hamda qariyb 4,5 million dona parranda tarqatildi. Ayni kunda tarqatish ishlari davom etmoqda.
Dastlab parranda yetkazib berilgan aholi xonadonlaridan parranda goʻshtlari klaster korxonlari tomonidan sotib olinmoqda. qaytarib olinmoqda. Shu hisobiga hozirda klaster korxonalar muzlatgichli omborxonalarida 1,5 ming tonnadan ziyod parranda goʻshti zaxirasi yaratilgan.
Sessiyada belgilangan meʼyorga asosan viloyat aholisi uchun kishi boshiga talab etiladigan kelgusi 6 oylik oziq-ovqat mahsulotlari talabi hamda ularni zaxirasini yaratish borasida amalga oshirlayotgan ishlar haqida ham maʼlumotlar berildi. Jumladan, 67 ming 256 gektar maydonga ekilgan takroriy ekinlardan hozirgacha 926 ming 394 tonna mahsulot yigʻishtirib olingani, yana koʻp maydonlarda hosilni yigʻishtirib olish ishlari davom etayotganligi aytib oʻtildi.
Viloyatda belgilangan miqdorda kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, goʻsht, oʻsimlik yogʻi, guruch, shakar, un va un mahsulotlari zahirasini yaratish boʻyicha zarur ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Viloyat hokimligi huzurida “Andijon viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash” jamgʻarmasi tashkil etilib, jamgʻarma hisob raqamiga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 10 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Jamgʻarma mablagʻlari aholining mol va qoʻy goʻshti, kartoshka, piyoz, guruch, un, shakar hamda oʻsimlik yogʻi bilan uzluksiz taʼminlash, bozorlarda narx-navoni keskin oshishining oldini olish maqsadida intervension xaridlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun sarflanadi.
Bundan tashqari, tijorat banklarining 64,2 milliard soʻm kredit mablagʻlari, tadbirkorlar hisobidan 25,1 milliard soʻm, jami 99,3 milliard soʻm mablagʻ yetishmayotgan oziq-ovqat mahsulotlarni qoplash uchun yoʻnaltirilishi belgilangan.
Aholini goʻsht, sut va tuxum mahsulotlari bilan muntazam taʼminlash maqsadida keyingi 3 yil davomida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qariyb 3 ming gektardan ziyod yer maydonlari ajratib berilib, ularga tijorat banklaridan 605 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.
Shuningdek, sessiyada bozorlar, supermarket va yirik savdo majmualarida narx-navo barqarorligini taʼminlash, narx-navoning asossiz oshirilishining oldini olish boʻyicha ham zarur ishlar olib borilayotganligi, xususan, aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida dehqon bozorlarida prokuratura huzuridagi departament, soliq, monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi, shahar va tumanlar sektor rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilib, bozorlardagi narx-navo muntazam nazorat qilib borilayotganligi taʼkidlandi.
“Daladan – dasturxongacha” tamoyili asosida fermerlar, dehqonlar tomonidan yetishtirlgan oziq-ovqat mahsulotlarining qoʻldan-qoʻlga oʻtmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri bozorlar, savdo majmualarida sotilishini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratish, mazkur jarayonda deputatlar tashabbuskor boʻlishlari zarurligi aytildi.
Tahlillar asosida oʻtgan sessiya ishida viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash borasidagi har bir muammo, yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish borasida vazifalar belgilab olindi.
Sessiyada koʻrilgan masala yuzasidan xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Faxriddin UBAYDULLAYEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat)
Manba: O'zA