O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dam olish kunlari metropolitenda...
2020-10-21 | Madaniyat
Asl sanʼatkor sahna, tomoshabin tanlamaydi, deyishadi. Chindan ham ilhomi joʻshgan insonga manzilu makonning, uni tinglovchiyu koʻruvchining farqi boʻlmasa kerak. Aks holda, Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat instituti talabalari oʻz iqtidorlarini metro bekatlarida sahnadagidan-da yaxshiroq namoyon etmas edilar.
Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi, Transport vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti hamkorligida metro bekatlarida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar koʻplab yurtdoshlarimizda iliq taassurot uygʻotdi. Ayniqsa, Alisher Navoiy bekatida boʻlib oʻtgan sahnaviy chiqishlar, oʻzbek tilini tarannum etguvchi qoʻshiq va raqslar yurtdoshlarimiz bilan birga chet ellik sayyohlarni ham befarq qoldirmadi.
Tadbirda nafaqat institut talabalari, balki oʻqituvchilar tomonidan ham oʻzbek tilini ulugʻlovchi ashulalar, sheʼrlar ijro qilindi. Tilimizning boyligini asoslab bergan hazrat Alisher Navoiy monologi aytildi. Xalq ijodiyotidan ham qator namunalar namoyish qilindi.
“Navoiy gulshani” nomli adabiy parchani tomosha qilar ekan, yoʻlovchilardan biri — samarqandlik Hafiza aya Neʼmatova bugunning iqtidorli yoshlari haqida toʻlqinlanib gapirdi: «Oʻzim ona tili oʻqituvchisiman, shu kabi iqtidorli oʻquvchilarim juda koʻp boʻlgan. Mana, bu Farhodu Shirin, Navoiy, Guli obrazlarida xuddi oʻz oʻquvchilarimni koʻrgandek boʻldim».
Darhaqiqat, Alisher Navoiy asarlaridagi obrazlarni qoyilmaqom qilib ijro etgan Munisa Rajabova, Oybek Qulmurodov kabi boʻlgʻusi sanʼatkorlar ustozlari Rashid Usnatov, Dilrabo Jumanova bilan oʻz ustida uzoq ishlagani koʻrinib turibdi. Institut rassomi Alisher Toʻlaboyev boshchiligida yaratilgan dekoratsiyalar esa ajdodlarimiz yashagan davrlarni tasvirlab, tadbirlarning jonli boʻlishiga xizmat qildi.
— Bugungi tadbirlarni bejizga metro bekatlarida tashkil etmadik, — deydi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Rustam Mirvohidov. — Zero, bu yil Oʻzbek tili bayramini gʻoyat koʻtarinki nishonlashimiz, bu borada olib borilayotgan koʻplab ezgu ishlarga xalqimiz amalda guvoh boʻlsin, bilsin.
Pandemiya davrida sanʼatni, goʻzal bayramlarimizni sogʻingan xalqimiz karantin talablarini buzmagan holda hazrat Navoiy, Qodiriy siymosidagi boʻlajak sanʼatkorlar bilan hamsuhbat boʻlib, ular bilan suratga tushish, noanʼanaviy tadbir lavhalarini videotasmalarga muhrlashga intilgani quvonarli, albatta. Eng muhimi, endilikda ona tilimizga boʻlgan yuksak ehtirom va eʼtibor har qachongidanda jiddiy tus olganini anglay boshlayapmiz.
Manba: «Yangi O"zbekiston»