Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti Suma Chakrabartiga "Do‘stlik" ordenini toshpirish marosimi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 19-oktabr kuni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida 2012-yil iyul oyidan 2020-yil iyul oyigacha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelgan S.Chakrabartiga "Do‘stlik" ordenini toshpirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosim O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov tomonidan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 9-iyul kuni imzolangan tegishli Farmonida S.Chakrabartining O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida "strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda"gi xizmatlari qayd etilgan.
Bundan tashqari, hujjatda S.Chakrabartining "mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, Respublikada qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish jarayonlarini faol qo‘llab-quvvatlashga” qo‘shgan hissasi alohida ta'kidlangan.
Shuni ham ta'kidlash joizki, joriy yilning 1-oktabridan boshlab S.Chakrabarti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchi vazifalarini bajarishga kirishdi.
Marosim chog‘ida S.Chakrabarti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorchilik bildirdi: “Men ikki karra g‘ururlanaman - birinchidan, bunday yuksak mukofot bilan taqdirlanish men uchun katta sharaf deb bilaman, ikkinchidan, men O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining islohotlar dasturini amalga oshirishda uning maslahatchisi sifatida o‘z hissamni qo‘shishga amaliy imkoniyatim borligidan nihoyatda xursandman. Men O‘zbekistonni yanada rivojlantirish va uning jahon miqyosidagi imidjini mustahkamlash uchun maksimal sa'y-harakatlarimni ishga solishga tayyorman”.
Marosim yakunida kelgusida hamkorlik qilish doirasida birgalikda ish olib borish istiqbollari va amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi vazifalar to‘g‘risida fikr almashildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi