Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanidagi «Qo‘ng‘irot» ovul fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Binoning ochilish marosimiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ishtirok etib, Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mahalla tizimining jamiyatdagi nufuzini oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, uning vazifa va vakolatlari doirasini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilayotganligini qayd etdi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4602-sonli Qaroriga asosan, mamlakatimizning bir qator hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida fuqarolar yig‘inlarining namunaviy binolarini qurish belgilangan.
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan hozirgi kunda yurtimiz bo‘ylab ko‘plab mahallalarda fuqarolar yig‘inlarining yangi binolari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Aytish lozimki, «Qo‘ng‘irot» ovul fuqarolar yig‘ining yangi binosi ana shu xayrli ishlarning davomi bo‘ldi.
— Sohadagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar sabab mahalla xalqning haiqiqiy suyanchi va yaqin maslakdoshiga aylanib bormoqda, — deydi mazkur ovul fuqarolar yig‘ini raisi Orazali Sultanov. — Ayniqsa, bu yilgi pandemiya davrida bu holat yanada yorqinroq namoyon bo‘ldi. O‘ylaymanki, mahallamizning yangi binosi aholi va ularning murojaatlari bilan ishlashda bizga o‘zgacha shijoat bag‘ishlaydi.
Ma'lumki, bugungi kunda mamlakatimizda «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» shakllantirilib, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Nukus shahri va Beruniy tumani namuna qilib olindi.
Mazkur ishlarni samarali olib borish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida har kunlik ma'lumotlarni muvofiqlashtiruvchi shtab va ishchi guruhlar tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi ushbu shtab va Ishchi guruhlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish davomida mazkur daftarlarni shakllantirish, unga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta'minlash hamda tadbirkorlik va kasb-hunarga yo‘naltirish eng dolzarb masalalardan biri ekanligini ta'kidlab, bu borada ishchi guruh a'zolariga zarur tavsiyalar berdi.
Shuningdek, vazir R.Mamatov Mo‘ynoq tumani “Hokim ota” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Do‘stlik” qishlog‘ida bo‘lib, nuroniy otaxonlar bilan uchrashdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Axborot xizmati.