Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismida “Til – bebaho boylik” mavzusida ma'naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zolari, shoiralar Farog‘at Xudoyqulova va Nargiza Asadova ishtirok etgan mazkur tadbirda tilni ko‘z qorachig‘idek asrash zarurligi, qaysi kasbda bo‘lishidan qat'iy nazar, barcha birdek o‘z ilmi va zakovati bilan milliy qadriyatlar, urf-odatlar va milliy tilni yuksaltirishga harakat qilishi lozimligi ta'kidlandi.
Bugungi kunda jahon miqyosida ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va salmoqli ishlar ham alohida e'tirof etildi. Shoiralar va harbiy xizmatchilar tomonidan o‘zbek tilida aytilgan she'ru g‘azallar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Shu kuni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan yurt himoyachilarining kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish maqsadida harbiy qism kutubxonasiga 200 dan ortiq turli mavzulardagi adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Qo‘mondonlikning Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismi targ‘ibot guruhi tomonidan ham Bo‘stonliq tumanidagi 16-sonli umumta'lim maktabida ma'naviy tadbir tashkil qilindi. “Til – millat ko‘zgusi” deb nomlangan tadbir davomida o‘zbek tilining nufuzi va bugungi kunda jamiyatimizda tutgan o‘rni xususida so‘z yuritilib, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida mavzuga oid insholar tanlovi o‘tkazildi.
Shuningdek, qo‘mondonlikning Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismida ham sana munosabati bilan harbiy xizmatchilarning farzandlari o‘rtasida “O‘zbek xalq ertaklari bilag‘oni” mavzusida tanlov o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan bolajonlar o‘zlari sevib o‘qigan o‘zbek xalq ertaklarini ona tilimizda chiroyli va ravon tarzda so‘zlab berdilar. Tanlov g‘oliblari kitoblar bilan taqdirlandi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi