O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandlik hunarmandlar qanday qilib qadimgi Xitoy qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasini rivojlantirdi?
2020-10-19 | Madaniyat
Xitoyning yetakchi «Sinxua» axborot agentligi Samarqandda qog‘oz VIII asrdan beri ishlab chiqarilayotgani haqida maqola nashr etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Agentlik portalida chop etilgan «Samarqand ipak qog‘ozi — Xitoy va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarning ifodasi» sarlavhali maqolada tarixiy manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston hududi qadimgi davrlardan buyon Buyuk ipak yo‘lining muhim tuguni bo‘lgani, bu davlatlar va mintaqalar o‘rtasida aloqalarning rivojlanishi, axborot almashinuvi, yangi turdagi mahsulotlar tarqalishi, madaniyatlarni o‘zaro boyishiga katta hissa qo‘shgani qayd etilgan.
«Buyuk Ipak yo‘li nafaqat Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari tarixini, balki ularning iqtisodiy va madaniy hayotini ham bog‘lab turgan. Xitoy mollarining mintaqaga kirib kelishi, Xitoy sanoat madaniyati, shu jumladan qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasini tarqalishiga xizmat qilgan. Nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda yagona Samarqand ipak qog‘oz fabrikasi shundan dalolat beradi. Bugun ushbu fabrika shaharning tarixiy va sayyohlik maskanlaridan biri hisoblanadi”, - deb ta’kidlaydi axborot agentligi.
Materialda agentlik muxbirlarining Samarqandga yaqin joylashgan Konigul qishlog‘ida faoliyat yuritadigan qog‘oz fabrikasiga tashrifi, ular bu yerda nafis ipak qog‘oz tayyorlashning qadimiy texnologik an’analariga guvoh bo‘lgani haqida xabar qilingan.
«Bu yerda, avvalgidek, suv tegirmonning g‘ildiragini aylantiradi va tut daraxtining po‘stlog‘i haqiqiy san’at asariga aylanadi», - deyiladi maqolada.
Materialda Samarqand ipak qog‘oz fabrikasi menejeri Sanjar Muxtorovning miloddan avvalgi II asrda xitoylik ustalar birinchi bo‘lib ipak qog‘oz tayyorlash texnologiyasini o‘zlashtirganligi va VIII asrda savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi natijasida ushbu texnologiya Buyuk ipak yo‘lidagi sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan Samarqandga kelgani haqidagi so‘zlari keltirilgan.
«VIII asrdan boshlab Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan va IX asrning boshida qog‘oz ishlab chiqarish hunarmandchilik faoliyatining muhim tarmog‘iga aylandi. Samarqand qog‘ozi u ishlab chiqarila boshlagan paytdan to o‘rta asrlarning oxirigacha Sharq va G‘arb bozorlarida hukmronlik qilgan. IX-X asrlardagi fors va arab qo‘lyozmalarining aksariyati Samarqand qog‘ozida bitilgan», — deb ta’kidlangan maqolada.
Nashrda, shuningdek, 1996-yil YuNESKO yordamida qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasi qayta tiklangani qayd etilgan. O‘zbekistonlik usta jurnalistlarga qog‘oz tayyorlash jarayonini namoyish etib, bugungi kunda ishlab chiqarish mexanizmlari, asosan, o‘zgarishsiz saqlab qolinganini aytgan.
Maqolada yozilishicha, xitoy texnologiyasidan farqli o‘laroq, o‘zbek ustalari qog‘ozni silliqlash uchun uni marmar parchasi bilan marmar stol ustiga silliqlashadi. Natijada, Samarqand qog‘ozi yanada sifatli bo‘ladi. Zamonaviy qog‘ozlardan farqli tarzda ipak qog‘oz 200 yildan ortiq vaqt davomida hizmat qiladi.
«Bugungi kunda samarqandlik hunarmandlar sayyohlar e’tiborini jalb qilish uchun qog‘oz tarkibiga makkajo‘xori, atirgul barglari yoki jun ipi kabi komponentlarni kiritmoqda. Bularning barchasi nafaqat qog‘oz rangini, balki uning hidini ham o‘zgartiradi. Natijada undan tayyorlangan esdalik va xalq hunarmandchiligi buyumlari betakror sovg‘aga aylanadi», deb yozadi muallif.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi