2020-yil 15-18 oktabr kunlari Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash yuzasidan Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.
Tashrif davomida J.Xodjayev viloyatning G‘uzor, Nishon, Shahrisabz, Koson, Qarshi tumanlarida hududlar salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, sohani jadal rivojlantirish, agrar va oziq-ovqat masalalari, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida mutasaddilar bilan muloqotda bo‘lib, sohada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
G‘uzorda qariyb 2 mingdan ortiq ish o‘rniga ega yirik loyiha ishga tushiriladi
Qishloq xo‘jaligi vaziri dastlab G‘uzor tumani bo‘lib, «CANADIAN SOY INTEGRATED PRODUCTION» MChJ O‘zbekiston–Kanada qo‘shma korxonasi tomonidan «Navoiy» hududida 2 ming gektarga yaqin maydonda yetishtirilgan soya hosili hamda uni o‘rib olish jarayonlari bilan tanishdi.
G‘uzorda klaster usulida yetishtirilgan soya ekinini o‘rib olish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan va gektardan o‘rtacha
15-20 sentner hosil olinmoqda.
Kanadalik investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha tumandagi yirik loyihalardan biri hisoblanadi va kelajakda soya mahsulotini qayta ishlash zavodi qurilishi evaziga 3 ming nafarga yaqin ishsiz ish bilan ta'minlanadi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 15 mln dollar investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.
Soya ekini dukkakli o‘simlik hisoblanib, o‘simlik moyi, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik uchun ozuqa bazasini mustahkamlashda soya ekinining ahamiyati katta.
Shahrisabzda yiliga 1000 tonna pillani qayta ishlash quvvatiga ega loyiha ishga tushirilishi kutilmoqda
Shahrisabz tumanidagi Yangiqishloq MFYdan ajratilgan 1 gektar da umumiy qiymati 62 mlrd AQSh dollariga teng pillani qayta ishlash hamda yiliga 350 tonna ipak tolasi ishlab chiqara oladigan “SHAHRISABZ SILK PRODUCTION” MChJ loyihasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Mazkur korxona ishga tushishi bilan hududdagi 400 kishi ish bilan ta'minlanadi.
Koson respublikada eng ko‘p paxta xomashesi yetishtiradigan tuman hisoblanadi
Vazir viloyatda paxtachilik klasterlari faoliyati bilan tanishdi. Bugungi kunda viloyatda 10 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda 2 ta paxtachilik kooperasilari faoliyat olib bormoqda. Mazkur klaster va kooperatsiyalar paxta xomashesini yetishtirishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi.
Joriy yilda viloyatda 135,9 ming gektardan 400 ming 200 tonna paxta xomashesini yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda hududlarda paxta-yig‘im terimi mavsumi qizg‘in davom etmoqda.
Koson tumani respublikada eng ko‘p paxta xomashesi yetishtiriradigan tuman hisoblanib, qariyb 60 ming tonna paxta hosilini yaratadi.
Tashrif davomida Ishchi guruhi, shuningdek, bog‘dorchilik, va issiqxonalar xo‘jaliklarining rivojlanish holatini o‘rgandi. Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali faoliyati bilan tanishdi.
Respublika Ishchi guruhi ayni paytda Samarqandda agrar sohadagi loyihalar faoliyatini o‘rganmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi